Toshkentda maktab o‘quvchisini ushlab so‘roqqa tutgan erkak qamaldi

Saqlash
15:49 / 22.02.2023 1439 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 151-maktab oldida joriy yil 19-fevral kuni erkak kishining yosh bolani qo‘lidan ushlab tortganligi va bola undan qochib ketganligi aks etgan video tarqalgan va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

 

Keyinchalik poytaxt IIB mazkur erkakning shaxsiga aniqlik kiritib, uning 1994-yilda tug‘ilgan M.U. ekanligini va o‘sha kuni u boladan qaysi maktabda o‘qishligini so‘rab, so‘ng qo‘yib yuborganini, ayni paytda bola sog‘-salomat ota-onasining oldida ekanini ma’lum qilgan edi.  

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida mazkur holat yuzasidan sud ishi bo‘lib o‘tdi. Unda 1994-yilda tug‘ilgan erkakning spirtli ichimlik ta’sirida 2011 yilda tug‘ilgan bolani to‘xtatib, qo‘lidan qo‘yib yubormasdan uni mantiqsiz savol-javobga tutgani mayda bezorilik deb topildi. 

 

Sud hukmiga ko‘ra, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

 

«Shoshilib yugurib ketayotganida to‘xta, yiqilib tushasan, degan ma’noda to‘xtatdim. Yaxshi bola ekan, salom ham berdi. Qayerga ketyapsan desam, qiz o‘rtog‘imnikiga degan javob bo‘ldi, kulgim keldi. Sabrsizlik bilan qo‘limdan chiqishga harakat qildi, qolgan savolni berishga ham ulgurmadim, buyoqdan ovoz keldi. Keyin mayli onasining nazoratida ekan, qayergadir jo‘natgandir, derazadan qarab o‘tiribdi ekan deb, ketdim», – deydi M.U. suddagi ko‘rsatmasida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//