“Butun xalqimizni Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan muborakbod etaman” — Prezident

Saqlash
11:03 / 27.05.2026 40 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti munosabati bilan o‘zbek xalqiga tabrik yo‘lladi. Davlat rahbari o‘z murojaatida mo‘min-musulmonlarni va butun xalqni muborak ayyom bilan qutlab, tinchlik, mehr-oqibat va saxovat bayrami bo‘lgan Iyd al-Adha bugungi islohotlar mazmuniga hamohang ekanini aytib o‘tdi.

 

Tabrikda Qurbon hayiti jamiyatda insonparvarlik, hamjihatlik va saxovat muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi. Ko‘pmillatli yurtda osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yordamga muhtoj insonlar, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarda Qurbon hayitining ezgu an’analari kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

 

Prezident keyingi yillarda O‘zbekistonda islom dini merosini o‘rganish va targ‘ib etish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilganini ham aytdi. Xususan, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Marg‘ilondagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmualari Yangi O‘zbekistonning muhim ma’naviy loyihalari sifatida qayd etildi.

 

Bundan tashqari bu yil tarixda ilk bor “Prezident hojilari” dasturi joriy etilgani ham eslatib o‘tildi. Qayd etilishicha, ushbu dastur doirasida el-yurtga xizmat qilgan 100 nafar ulamo, nuroniy va mahalla faollari hamda ularning oila a’zolari haj safariga yuborilgan.

 

Shuningdek, Prezident ayni kunlarda 15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik muqaddas haj amallarini ado etayotganini bildirib, barcha hojilarning ibodatlari qabul bo‘lishini tiladi.

 

“Muqaddas ziyoratdan qaytib keladigan bu hurmatli yurtdoshlarimiz ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari sifatida jamiyatimizda faol ishtirok etadilar, deb umid qilamiz”, dedi Prezident.

 

Shavkat Mirziyoyev xorijdagi vatandoshlarni ham bayram bilan tabriklab, Qurbon hayiti munosabati bilan bu yil ham bir necha kunlik dam olish kunlari belgilanganini qayd etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//