“Oʻzbekistonga yordam berish, unga foyda keltirish uchun bor kuch-gʻayrat va imkoniyatlarimni ishga solaman” – Alisher Usmonov biznesni nega tark etgani haqida

Saqlash
22:52 / 21.02.2023 1321 0

USM xolding asoschisi va eng yirik aksiyadori Alisher Usmonov Toshkentda Italiyaning TGcom24 telekanali jurnalistlariga intervyu berdi. Spot intervyudagi asosiy jihatlarga eʼtibor qaratdi.

 

Milliarder soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi tarkibiy oʻzgarishlarni qayd etdi. U 2016-yildan buyon oʻtgan davrni “buyuk kelajakka umid belgisi” deya taʼriflab, bunga misol qilib mamlakat sarmoyaviy ochilishi va keng koʻlamli islohotlar dasturini koʻrsatdi.

 

Shu vaqt ichida USM biznes tuzilmalari oʻzlarining asosiy yoʻnalishlariga – asosan telekommunikatsiya va IT sohalariga sarmoya kiritdi. Usmonov sanksiyalar bilan bogʻliq qiyinchiliklarga qaramay, Oʻzbekistonda ish va xayriya loyihalarini amalga oshirishda davom etish niyatida.

 

“Oʻzbekistonga yordam berish, unga foyda keltirish uchun bor kuch-gʻayrat va imkoniyatlarimni ishga solaman. Bu maqsad uchun men korporativ aktivlar boshqaruvidan ketdim va hatto koʻplab loyihalarimda aksiyador sifatida ishtirokimni yakunladim”, – dedi Usmonov.

 

Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi uni oligarxlar qatorida tilga olishidan rozi emasligini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, oligarxlar hokimiyat yordamida boylik orttirib, undan hukumatga taʼsir oʻtkazish uchun foydalanadi. Oʻzbek milliarderning aytishicha, u “sovgʻa olmagan” va barcha aktivlarni “bozor sharoitida” qoʻlga kiritgan.

 

Rossiya fuqaroligi va mol-mulki borligiga qaramay, Usmonov Oʻzbekistonni oʻzi uchun asosiy manfaat deb hisoblaydi. U respublika Qozogʻiston bilan bir qatorda “Markaziy Osiyoning haqiqiy yetakchisiga” va “mintaqa taraqqiyotining lokomotiviga” aylanishiga ishonch bildirdi.

 

2022-yil fevral oyidan beri tadbirkor Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolmoqda, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya va Yaponiya ham unga qarshi sanksiyalar kiritgan. Oʻz navbatida, rossiyalik milliarder YI kengashining unga nisbatan sanksiyalar qoʻllash haqidagi qarorini bekor qilishni talab qilib, Yevropa sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.

 

Oʻzbekiston hukumati Yevropa Ittifoqidan sanksiyalarni bekor qilishni soʻragan, chunki “cheklovlar tadbirkorning mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishiga toʻsqinlik qilmoqda”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//