Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari boʻlib oʻtdi

Saqlash
22:32 / 21.02.2023 1012 0

Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari boʻlib oʻtdi.

 

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, oʻzaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.

 

Siyosat, xavfsizlik, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni tubdan kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va taʼlim aloqalarini mustahkamlash masalalari muzokaralarning asosiy mavzulari boʻldi.  

 

Prezidentlar Misrning “Nazar-2030” strategik rejasi va Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir-biriga hamohang ekanini qayd etdilar.

 

Davlatimiz rahbari Misr Prezidentini Iqlim oʻzgarishi boʻyicha  SOR-27 xalqaro sammiti muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.

 

Muzokaralar chogʻida yetakchilar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, BMT, IHT, SHHT va Qoʻshilmaslik harakati kabi xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro koʻmaklashilayotgani, parlamentlararo aloqalar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etdilar.

 

Tomonlar korrupsiyaga, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishdan, Afgʻonistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash boʻyicha xalqaro tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

 

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentlar davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida oʻtgan Oʻzbekiston-Misr ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlarini yuksak baholadilar.

 

Oʻzaro investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini toʻldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yoʻnalishda — gaz-kimyo, toʻqimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi.

 

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori rentabelli qoʻshma ishlab chiqarishlar tashkil etish maqsadida Oʻzbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilindi.

 

Energetika sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Misrni bogʻlab turgan transport yoʻlaklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi. 

 

 

Madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Oʻzbekiston Prezidenti 2024-yilda Arabshunoslik global forumini birgalikda taklif etish tashabbusini ilgari surdi.

 

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

 

Uchrashuv ochiq, samimiy va doʻstona muhitda oʻtdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev Abdulfattoh as-Sisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishni taklif etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//