Oʻzbekiston va Qozogʻiston mahbuslarni bir-biriga topshirishga kelishib oldi

Saqlash
20:37 / 16.02.2023 694 0

Prezident Qasim Jomart Toqayev Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida mahkumlarni alishish bitimini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Qozogʻiston davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”

 

Hujjat avvalroq Qozogʻiston parlamentining har ikki palatasi tomonidan maʼqullangandi. Mamlakat rasmiylari mazkur hujjatning maʼqullanishi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Uni imzolash boʻyicha muzokaralar bir necha yil davomida Toshkent va Ostona tomonidan olib borilgandi.

 

Shartnoma shartlariga koʻra, mahkumlarni alishish uchun birinchi navbatda mahkumning roziligi kerak. Shaxs oʻz mamlakatida jazoni oʻtash niyati haqida ariza berishi lozim.

 

Jinoyatchilarni topshirish uchun mahkumning arizasi, uning fuqaroligi, shuningdek, taraflar roziligi talab qilinadi. Jazoni oʻtash muddati kamida bir yil boʻlishi kerak. Mahkumlar mamlakat suvereniteti va milliy qonunchilik xavfsizligiga putur yetkazadigan boʻlsa, shuningdek, shaxsga nisbatan sud yoki tergov davom etayotgan vaqtda moliyaviy qarzlari boʻlsa, ekstraditsiya qilinmaydi.

 

Ushbu maʼlumotni OʻzA ham tasdiqladi.

 

Qozogʻiston Senatinig yalpi majlisida mamlakat bosh prokurori oʻrinbosari Aset Chindaliyev hozirda Oʻzbekistondagi qamoqxonalarda 20 nafar qozogʻistonlik, Qozogʻiston qamoqxonalarida esa 486 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qamoqda saqlanayotganini maʼlum qilgan.

 

Avvalroq u Qozogʻistonda 225 nafar sudlangan Oʻzbekiston fuqarolari oʻz mamlakatida jazoni oʻtash istagini bildirganini taʼkidlagandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//