Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda Payariq tumanidagi Chelak shifoxonasida bosh shifokorning oʻgʻli va kelini hamshiralarni kaltaklagani aytilgan videolavha tarqaldi. Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.
Aniqlanishicha, 2-fevral kuni soat, taxminan, 15:30 larda Samarqand viloyati Payariq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Chelak 1-son shifoxonasining oʻrta tibbiyot xodimlari – A.N. va B.Sh. oʻrtasida oʻzaro davom etib kelayotgan oilaviy kelishmovchilik sabab janjal yuzaga kelgan.
Buning natijasida hamshira B.Sh. va uning onasi, kichik tibbiy xodim M.D. jiddiy tan jarohati olgan. Shundan soʻng jabrlangan har ikki bemorga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, shu kuni mazkur shifoxonaning shoshilinch jarrohlik boʻlimiga yotqizilgan.
Tekshiruvlar natijasida hamshira B.Sh.ga “Burun suyagi yopiq sinishi, burun usti sohasi urilib, kesilgan jarohati. Bosh miya chayqalishi”, kichik tibbiy xodim M.D.ga esa “Burun usti, chap yonoq sohasi, chap koʻz ichki burchagi urilib, kesilgan jarohati. Bosh miya chayqalishi” tashxisi qoʻyilgan.
Bemorlarga belgilangan standartlar asosida tibbiy muolajalar koʻrsatilgach, joriy yil 11-fevral kuni qoniqarli ahvolda uyiga ruxsat berilgan.
Ayni paytda oʻz hamkasblariga tan jarohati yetkazishda gumonlanayotgan fuqaro A.N.ga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Oʻz navbatida vazirlik tomonidan ushbu voqea boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlar yakunida bunday salbiy holatning yuzaga kelishiga eʼtiborsiz boʻlgan hamda muassasa xodimlari oʻrtasida kasb etikasi va majburiyatlariga rioya etish yuzasidan yetarlicha tushuntirish olib bormagan bir qator masʼullarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli jazo choralari qoʻllanildi”, — deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q