Bemorni agar mehr bilan davolasangiz, oʻzi rozi boʻlib, sizga barakasini berib ketadi – SSV rahbari Amrillo Inoyatov shifokorlarning oyligi kamligi haqida

Saqlash
15:47 / 06.02.2023 1187 0

Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning Fargʻona viloyatida tibbiyot xodimlari va OAV vakillari bilan uchrashuvda tizimdagi korrupsiyani bartaraf etish masalasidagi fikrlari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqala boshladi va keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

 

Videoda jurnalist vazirning ishga tayinlanishi bilan ilgari surgan tashabbusiga taklif sifatida “korrupsiyani yoʻqotish uchun avvalo yaxshi sharoit va oylik bilan taʼminlash zarurligi, shundagina, bu illat oʻz-oʻzidan yoʻqolishini” aytadi.

 

Vazir esa bunga quyidagicha fikr bildirgan: “Toʻgʻri, gapingizda jon bor. Biz rivojlanayotgan davlatmiz. Shifokorlarimizning oyligini birdagina 2000−5000 dollar qila olmaymiz. Maktablarimiz bor. Muammo koʻp. Lekin bu sekin-asta boʻlyapti”.

 

U gap rahbar-shifokorlar haqida ketayotganini taʼkidlab, xodimlardan birining oylik maoshi qanchaligini soʻradi. Savolga javoban shifokor 5,5 mln soʻm oylik olishini aytgan. Vazir yana savol bilan yuzlanib, undan bemor koʻrish-koʻrmasligini soʻradi va tasdiq javobini oladi.

 

“Shu bemorni agar mehr bilan davolasangiz, rozi boʻlib, oʻzi sizga barakasini (pul nazarda tutilmoqda — tahr.) berib ketadi. Soʻramasangiz ham oʻzi xursand boʻlib, berib ketadi. Vazir sifatida aytish qanchalik toʻgʻri [yoki yoʻq], lekin ochiq-oydin aytyapman. Yetmaydimi? Mana savol. Yetmaydimi degan savolni oʻzimizga oʻzimiz berishimiz kerak-da”, — dedi Amrillo Inoyatov.

 

U, shuningdek, oʻzi ham operatsiya qilishini (yaʼni bemorlarga xizmat koʻrsatishini) qoʻshimcha qilgan va odam sabrli boʻlishi, qanoat bilan oʻz ustida ishlashi va oʻz brendini yaratishi kerakligini aytgan.

 

“Gar qanoat birla yursang barqaror, dunyoda hech boʻlmagaysan xor-u zor. Odam sabrli boʻlib, qanoat bilan oʻz ustida ishlab, oʻz brendini yaratsa, xalqning oʻzi shunday boqadiki… Eh-he, jonajon xalqimiz oyogʻingizni yerga tekkizmay olib yuradi”, — dedi SSV rahbari.

 

Vazir soʻzida davom etar ekan, rahbarlarda gap koʻpligini aytib, rektorlik faoliyatidagi ishlarini ham soʻzlab berdi.

 

“Toʻgʻri, vaqti-soati bilan 1-2 yoki 5 yildan keyin 5-10 ming dollar oladigan kunlar keladi. Bunda har bir tashkilot rahbarida gap koʻp. Oʻzimning oldingi tashkilotimda (Buxoro davlat tibbiyot instituti) rektor boʻlib ishlagan paytimda, bundan 5−6 yil oldin, xodimlarim bugun 10 mlndan 30 mln soʻmgacha oylik olyapti. Shunaqa sharoit qilib berganman. Shunaqa pul topish yoʻllarini qilib berganman. Rasmiy pul topamiz va ishiga qarab, shu pulning taqsimotini qilamiz. Marhamat, hamma rahbarga bu vakolat berilgan. Bu rahbarning shaxsi bilan bogʻliq, judayam toʻgʻri savol berdingiz. Buning uchun rahbar toʻgʻri ishlashi, toza boʻlishi kerak. Oʻzidan boshlashi lozim, hamma parametr boʻyicha oʻzi namuna boʻlishi zarur”, — degan Inoyatov.

 

Eslatib oʻtamiz, Amrillo Inoyatov 2022-yilning dekabr oyi soʻngida Sogʻliqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan. U 2023-yilni tizimda Korrupsiyaga qarshi kurash yili deb eʼlon qilgandi. “Ishonch telefoni” sifatida oʻzining shaxsiy raqamimni ham ommaga maʼlum qilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//