Prezident Qoʻshtepa tumanidagi toʻqimachilik korxonasini koʻzdan kechirdi

Saqlash
19:51 / 02.02.2023 1077 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Fargʻona viloyatida boʻlib turibdi.

 

Davlatimiz rahbari 2022-yil may oyida viloyatga tashrifi chogʻida “Global textile infinity” klasterining ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. Oʻshandagi koʻrsatmalar asosida loyiha jadallashtirilib, dekabrda ishga tushirildi.

 

Bu galgi tashrifda Qoʻshtepa tumanidagi mazkur toʻqimachilik korxonasi koʻzdan kechirildi.

 

Bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning toʻliq jarayoni yoʻlga qoʻyilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning “Rieter machine works” uskunalari oʻrnatilgan.

 

Korxona yiliga 18 million metr aralash mato hamda 10 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yevropa davlatlari va Xitoyga 85 million yevrolik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Buning uchun korxonada sifat laboratoriyasi tashkil etilgan.

 

Prezident tayyor mahsulotlar turini koʻpaytirish, taniqli brendlar bilan hamkorlik oʻrnatish zarurligini taʼkidladi.

 

Yana bir muhim jihati, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalar qoʻllanmoqda. Inshootning tom qismiga quyosh panellari oʻrnatilmoqda. Bularning natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.

 

Hozirgi birinchi bosqichda fabrikada 1 ming 500 nafar kishi ishlamoqda. Joriy yil martda fabrikada toʻqima mato ishlab chiqarish boshlanadi. Shuningdek, Uchkoʻprik tumanida ip-kalava va mato tayyorlash hamda paxtani qayta ishlash korxonalari tashkil etilmoqda. Shunda klasterdagi jami ish oʻrni qariyb 5 mingtaga yetadi.

 

Bu yerda oʻquv va kasanachilik markazi ham ochilgan. Unda korxona uchun zarur 4 ta yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlanmoqda.

 

Ushbu klaster majmuasida vodiy viloyatlarida paxta-toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.

 

Oʻtgan olti yilda bu viloyatlarda 35 ta klaster tashkil etilib, 670 million dollarlik 150 dan ortiq yirik loyiha ishga tushirilgan.

 

Maʼlumki, shu yil 26-yanvarda paxtachilik klasterlari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashga oid Prezident qarori qabul qilindi. Unga koʻra, klasterlar paxta yetishtirishga oʻgʻit, urugʻ, yoqilgʻi uchun imtiyozli kreditlarni istalgan vaqtda olish imkoniga ega boʻldi. Ularga gʻoʻza navlarini mustaqil joylashtirish, chetdan hosildor navlarni seleksiya uchun olib kelishga ruxsat berildi.

 

Shuningdek, lazerli tekislagichlarni sotib olishda ular qiymatining 30 foizi byudjetdan qoplab beriladi. Ishlab chiqarishni ilm bilan bogʻlash maqsadida har bir klasterga paxtachilik ilmiy tashkilotlari va agroxizmat markazlari biriktiriladi.

 

Yigʻilishda mazkur chora-tadbirlarning amaliy jihatlariga toʻxtalib oʻtildi.

 

Paxta hosildorligini oshirish, ip-kalavani chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Vodiy viloyatlarida toʻqimachilik mahsulotlari eksportini joriy yilda 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi taʼkidlandi.

 

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi bugungi tendetsiyaga hamohang, klasterlar ham energiya isteʼmolining bir qismini muqobil manbalarga oʻtkazishi zarurligi qayd etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//