Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi

Saqlash
13:11 / 13.11.2021 701 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi.

 

Hurmatli shifokorlar!

Qadrli soha faxriylari!

Avvalo, siz, azizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Jahon tibbiyot ilmining asoschilaridan biri, buyuk alloma Abu Ali ibn Sino bobomiz aytganlaridek, odamlar dardiga darmon boʻlmoq – ezgulik va olijanoblikning yuksak namunasidir.

Xalqimiz sizlarning timsolingizda oʻz hayotini ana shunday ulugʻ va masʼuliyatli ishga bagʻishlagan, el-yurt salomatligini asrash yoʻlida bor bilim va tajribasi, isteʼdod va mahoratini safarbar etib kelayotgan sharafli kasb egalarini koʻradi hamda mashaqqatli mehnatingizni doimo munosib qadrlaydi.

Chindan ham, inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlaridir, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Aziz doʻstlar!

Mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, qadr-qimmatini ulugʻlashda sogʻliqni saqlash tizimi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham yurtimizda tinchlik va sogʻliqni taʼminlashga erishsak, qolgan hamma narsaga erishamiz, degan fikrni yana takrorlashni oʻrinli, deb bilaman.

Ayni shu maqsadda respublikamizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh etish va uning rivojini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, keyingi besh yilda sohaga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari, jumladan, 2019-2025-yillarda Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganini taʼkidlash lozim.

Tibbiyot sohasini moliyalashtirish hajmi yil sayin ortib bormoqda. Buni joriy yilda sohaga 18 trillion soʻmdan ziyod yoki 2016-yilga nisbatan 4 barobar koʻp mablagʻ ajratilgani ham yaqqol tasdiqlab turibdi.

Mamlakatimizda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmogʻi yaratilib, samarali faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, tibbiyot muassasalari xalqqa yanada yaqinlashmoqda.

Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yoʻnalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda. Buni birgina misol, yaʼni, qisqa davrda buyrak, jigar va oʻzak hujayralarda 700 dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganida ham koʻrish mumkin.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha ishlar koʻlami ham kengaymoqda. Xususan, homilador ayollar salomatligini doimiy nazorat qilish tizimi yoʻlga qoʻyilgani onalar va goʻdaklar oʻlimini sezilarli kamaytirishda muhim omil boʻlmoqda.

Oʻtgan davrda patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda tashkil etildi. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir fuqaro salomatligini nazorat qilib borayotgani kasalliklarning oldini olish va aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirishda katta rol oʻynamoqda.

Davlat tibbiyot muassasalari bilan birga, xususiy klinikalar soni koʻpayib, ular 129 ta yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgani sohada sogʻlom raqobatni, aholi uchun tanlash imkoniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Muhtaram yurtdoshlar!

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo qatori xalqimiz, ayniqsa, Oʻzbekiston tibbiyoti uchun ham jiddiy sinov boʻlganini barchamiz yaxshi bilamiz. El boshiga ish tushgan ana shunday ogʻir va murakkab paytda birinchi boʻlib yordamga shoshilgan, virus oʻchoqlarida oʻz hayotini xatarga qoʻyib, bu xavfli kasallikka qarshi mardona kurashgan sogʻliqni saqlash xodimlariga ushbu quvonchli ayyomda yana bir bor minnatdorlik bildiramiz.

Aynan sizlarning saʼy-harakatingiz bilan pandemiyaga qarshi kurashning ilgʻor usul va vositalari ishlab chiqilib, amalda joriy etilmoqda. Hozirgi kunda aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari muvaffaqiyatli olib borilmoqda.

El-yurt salomatligini asrash va mustahkamlash yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini munosib ragʻbatlantirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Buning tasdigʻini ularning ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash, moddiy manfaatdorligini oshirishga qaratilgan ishlarimiz misolida koʻrish mumkin.

Agar 2019-yildan buyon ushbu tizimda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizdan qariyb 550 nafari yuksak unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan boʻlsa, kuni kecha imzolangan farmonga koʻra yana 82 nafar tibbiyot xodimi davlat mukofotlariga sazovor boʻldilar.

Fursatdan foydalanib, ularning barchasini ushbu munosib eʼtirof bilan chin dildan tabriklayman.

Hurmatli soha xodimlari!

Xalqimiz salomatligini saqlash va mustahkamlash biz uchun bundan buyon ham bosh vazifa boʻlib qoladi. Kelgusida sohaga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni 2 barobar oshirish, jumladan, yaqin besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish belgilangani bu boradagi rejalarimiz koʻlamidan dalolat beradi.

Asosiy vazifamiz – tibbiyot sohasini yuqori samara bilan ishlaydigan, chinakam xalqchil tizimga aylantirishdan iborat.

Bu borada sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, aholi orasida eng koʻp tarqalgan va erta oʻlim holatlarining asosiy sababi boʻlgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini oʻtkazish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha samarali choralar amalga oshiriladi.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Biz oʻz oldimizga qoʻygan buyuk maqsad – Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga faqat sogʻlom xalq, sogʻlom millatgina qodir boʻlishini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.

Ana shunday baland marralarga erishishda el-yurtimiz dardiga hamisha darmon boʻlib kelayotgan siz, azizlar, bor kuch-gʻayratingiz, bilim va malakangizni ayamasdan mehnat qilasiz, deb ishonaman.

Sizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qoʻlingiz dard koʻrmasin, aziz shifokorlar!

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Prezidenti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish