Toshkentda savdo markazlari va istirohat bogʻlarining ish vaqtiga qoʻyilgan cheklov olib tashlandi

Saqlash
15:01 / 26.01.2023 1085 0

Anomal sovuq ob-havo tufayli poytaxtdagi barcha savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, koʻngilochar savdo markazlari va istirohat bogʻlari faoliyatiga qoʻyilgan cheklov olib tashlandi.

 

Oʻzbekistonda kuzatilgan anomal sovuq ob-havo tufayli aholi xonadonlariga elektr energiyasi va gaz taʼminotini uzluksiz yetkazish maqsadida Toshkent shahridagi oziq-ovqat doʻkonlari va umumovqatlanish korxonalaridan tashqari barcha savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, koʻngilochar savdo markazlari va istirohat bogʻlari vaqtincha qisqartirilgan ish rejimga oʻtkazilgandi. Poytaxt hokimligi ushbu cheklovlar olib tashlangani haqida xabar berdi.

 

“Bugungi kunda havo harorati yaxshilanayotgani va holat barqarorlashayotganligi bois yuqoridagi barcha korxonalar doimdagidek ish rejimida faoliyat olib borishlari mumkin”, deyiladi xabarda.

 

Eslatib oʻtamiz, 15-yanvardan buyon shahardagi barcha savdo va xizmat koʻrsatish shahobchalari, koʻngil ochar savdo markazlari va istiroxat bogʻlari ish faoliyatini ertalab soat 10:00 dan soat 17:00 ga qadar amalga oshirib kelayotgandi. Ish vaqtidan soʻng barcha elektr asboblari, isitish uskunalari oʻchirilgan holda elektr va gaz isteʼmolini toʻxtatish talab etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish