Vazirlik va idoralar rahbarlari oʻrinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha qisqartirilmoqda

Saqlash
17:10 / 25.01.2023 1226 0

Ma’muriy islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi (25.01.2023 yildagi PF-14).

 

1. Vazirlik va idoralarda byudjet va nobyudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladigan jami 17 447 ta boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklari qisqartirilmoqda (umumiy songa nisbatan 24 foiz). Shu jumladan, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘rinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha (-63) yoki 30 foizga qisqartirilmoqda.

 

Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq, 703 ta avtotransport vositalari va 10 ta binolar bo‘shamoqda.

 

Mazkur chora-tadbirlar natijasida:

 

a) shtatlar sonini qisqartirish hisobiga 1,5 trillion so‘m;

b) avtotransport vositalari sonini qisqartirish hisobiga (shu jumladan, yoqilg‘i-moylash, shinalarni almashtirish xarajatlari) 70 milliard so‘m byudjet mablag‘lari iqtisod qilinmoqda.

 

Vazirlik va idoralarda xodimlarning umumiy cheklangan soni 56 573 nafar etib belgilanmoqda.

 

Vazirlik va idoralarning nobyudjet mablag‘laridan qo‘shimcha boshqaruv shtatlarni kiritish QAT’IY taqiqlanmoqda.

 

2. Har bir vazirlik va idora o‘z faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkillashtirish maqsadida 16ta yo‘nalish bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjati loyihasini kiritadi. Unda, shu jumladan quyidagi masalalar bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilanadi:

 

a) sohalarda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga yechim topishga yo‘naltirilgan tashkiliy-huquqiy va moliyaviy chora-tadbirlar, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning tizimli muammolarini hal etish;

b) byudjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari uchun teng imkoniyatlar yaratish orqali davlat xaridlari jarayonida raqobatni rivojlantirish;

v) tegishli sohalarda davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini keng joriy qilish, 2023 yildan boshlab vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarining ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish;

g) tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish (ularga xizmat ko‘rsatish, davlat tomonidan subsidiya taqdim etish, imtiyoz berish va boshqacha tartibda qo‘llab-quvvatlash) hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;

d) vazirlik va idoralarda hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kesimida korrupsiya avj olgan sohalarda uning rivojlanish sabablari va shartlarini o‘rganish asosida ushbu sohalarning har biriga “tashxis qo‘yish” hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish;

ye) sohaga AKTni keng joriy etish, shu jumladan vazirlik va idoralarning ish jarayonini raqamlashtirish;

j) energiyani tejash, uning samaradorligini oshirish va sohaga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng jalb qilish.

 

3. Vazirlik va idoralarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

 

Hukumatga bo‘ysunadigan mustaqil vazirlik va idoralar soni jami 26 ta etib belgilanmoqda (ular tarkibiga kirgan barcha qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar bilan birga jami 69 ta), shu jumladan:

 

a) vazirliklar – 21 ta;

b) qo‘mitalar – 12 ta, shundan 2 tasi mustaqil maqomga ega;

v) agentliklar – 25 ta, shundan 3 tasi mustaqil maqomga ega;

g) inspeksiyalar – 11 ta.

 

Shuningdek, vazirlik va idoralarning o‘zbek va rus tillaridagi qisqartma nomlari tasdiqlanib, ularni yig‘ilish va videoselektor bayonlari, xizmat yozishmalari, tahliliy materiallarda ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

 

4. Vazirlik va idoralarning markaziy apparatlari va hududiy bo‘linmalarining tuzilmalarini shakllantirish bo‘yicha yagona talablar tasdiqlanmoqda.

 

Endilikda:

 

4.1) vazirlik va idoralarning markaziy apparatlarida:

 

a) tarkibiy bo‘linmalar faqat 4 ta shakldan iborat bo‘ladi (departament 20+; boshqarma 7-19; bo‘lim 2-6; mutaxassislar 1). Bunda, vazirliklar huzuridagi qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalarda departament shaklida tarkibiy tuzilma tashkil qilinmaydi.

 

Amalda: 10 tadan ziyod shakllari mavjud (departament, bosh boshqarma, boshqarma, bo‘lim, shoʻba, xizmat, byuro, guruh va boshqalar);

 

b) rahbar xodimlar (rahbar, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, yordamchisi, departament, boshqarma, boʻlim boshliqlari va oʻrinbosarlari) va ijrochilar (mutaxassislar) nisbati markaziy apparat boʻyicha kamida 1/3 nisbatda (33/67 foiz) boʻladi.

 

Amalda: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparatida rahbar va ijrochi xodimlar nisbati 44/56 foizni yoki Energetika vazirligida 41/59 foizni tashkil qilmoqda;

 

v) vazirlarga ularning faoliyatini strategik vazifalarni hal etishga yoʻnaltirish, kunlik ishlar boʻyicha ish yuklamasini kamaytirish maqsadida ular faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahlil jihatdan taʼminlaydigan Vazir kotibiyati tashkil qilishga huquq berilmoqda;

g) strategik rejalashtirish, axborot xizmati, kadrlar, axborot tahlil, ijro nazorati, murojaatlar, AKT, yuridik taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, moliya-iqtisod, xalqaro aloqalar, birinchi boʻlim tarkibiy boʻlinmalari tashkil etilishi majburiy etib belgilanmoqda.

Bunda, strategik rejalashtirish, axborot xizmati, korrupsiyaga qarshi kurashish va xalqaro aloqalar boʻlinmalari faqatgina vazirlik va mustaqil maqomga ega boʻlgan idorada tashkil qilinib, ushbu yoʻnalishlarda ular YAGONA SIYOSATNI amalga oshiradi;

 

4.2) vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalarida:

 

a) tarkibiy boʻlinmalar faqat 3 ta shakldan iborat boʻladi (boʻlim 5+; shoʻba 2-4; mutaxassislar 1);

 

b) rahbar xodimlar (boshqarma, boʻlim hamda shoʻba boshliqlari va oʻrinbosarlari) va ijrochilar nisbati boʻlinma boʻyicha kamida 1/3 nisbatda (33/67 foiz) boʻladi.

 

Amalda: Madaniyat vazirligining tuman (shahar) boʻlinmalarida rahbar va ijrochi xodimlar nisbati 63/37 foizni tashkil qilmoqda.

 

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan:

 

a) yuridik maqomga ega boʻlgan jamgʻarmalar ijro etuvchi organlarining (direksiyalar, qoʻmitalar, departamentlar) faoliyatini tugatish, ularning funksiyalarini tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazish;

b) vazirlik va idoralarda xizmat avtotransportidan foydalanish tizimini autsorsing asosida tashkil etish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi kiritiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//