Ichki ishlar xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlandi

Saqlash
21:11 / 23.01.2023 1273 0

O‘zbekiston prezidentining 20 yanvardagi qarori bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi to‘g‘risidagi kodeks tasdiqlandi. Qaror matni Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz`ga joylashtirildi.

 

Hujjatga ko‘ra, kodeksni bilish va uning qoidalariga qat’iy rioya qilish organning har bir xodimi uchun majburiy bo‘lib, kodeks xodim faoliyati samaradorligi va intizomini baholashning asosiy mezoni hisoblanadi.

 

Kodeks qoidalariga rioya qilmaslik xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari, shu jumladan, xizmatdan bo‘shatish uchun asos bo‘lishi mumkin.

 

Kodeksda nimalar deyilgan?

 

Ushbu hujjatda keltirilgan kasbiy madaniyat qoidalari, lavozimidan qat’i nazar, barcha IIO xodimlariga nisbatan qo‘llanadi. Xodimlar quyidagi kasbiy madaniyat qoidalariga rioya qilishi shart:

 

– fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq bo‘lish, ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qat’i nazar, har qanday shaxs, guruh yoki tashkilotlarning kamsitilishi yoki afzal ko‘rilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

– O‘zbekiston va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning madaniy va boshqa xususiyatlarini hisobga olish, ijtimoiy barqarorlikni, millatlararo va dinlararo totuvlikka ko‘maklashish;

– jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida qonuniy ko‘rib chiqish;

– o‘z xizmat burchini vijdonan bajarishida fuqarolarda shubha uyg‘otadigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, ichki ishlar organlarining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ziddiyatli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik;

– fuqarolar va boshqa shaxslarning o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;

– xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilishi yoki ularni bajarishda har qanday shaxsiy, mulkiy yoki boshqa manfaatlarga daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakatlardan (harakatsizlikdan) saqlanish;

– o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida guruhbozlik, mahalliychilik, qarindosh-urug‘chilik ko‘rinishlarining, shuningdek, boshqa salbiy holatlarning oldini olish, ularga yo‘l qo‘ymaslik;

– ichki ishlar organlari faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishda rasmiy ommaviy axborot vositalari vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, ularga belgilangan tartibda ishonchli axborot olishda ko‘maklashish;

– rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiiste’mollikka yo‘l qo‘ymasdan, o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuqori professional darajada bajarish;

– ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefon orqali so‘zlashish va kiyinish madaniyatiga qat’iy rioya qilish;

– ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid ifodalarni ishlatmaslik, odamlarda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otishi mumkin bo‘lgan noxolis, subyektiv materiallarni joylashtirmaslik.

 

Kodeksda xodimlar korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga hissa qo‘shish majburiyati borligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, xodimlar jinoyat sodir etishga undalgan taqdirda, shuningdek, boshqa xodimlarning qonunbuzarliklari haqida xabar topganda, o‘z rahbarlarini xabardor qilishi kerak.

 

Xodimlardan xushmuomala, xayrixoh va e’tiborli bo‘lishlari, fuqarolar va hamkasblariga nisbatan bag‘rikenglik va hurmat ko‘rsatishlari talab qilinadi. Fuqarolarga nisbatan xodimlar «qo‘pollik qilmasliklari, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, asossiz ruhiy va jismoniy ta’sir o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari kerak».

 

Xodimlarga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Shuningdek, ular mansabdor shaxslarning vakolatlarini suiiste’mol qilish orqali shaxsiy manfaatlardan foydalanmasliklari kerak. Ularga sovg‘alar va moddiy boyliklarni qabul qilish, shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini boshqalarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga xizmatlardan foydalanish taqiqlanadi. Faqat xizmatdagi vazifalari, musobaqalarda erishgan yutuqlari va rasmiy sanalarni nishonlash munosabati bilan berilgan sovg‘alarni qabul qilish mumkin.

 

Xodimlar xizmatdan tashqari vaqtda jamiyatda qabul qilingan ma’naviy-axloqiy me’yorlarga rioya qilishlari, ichki ishlar organlari obro‘siga putur yetkazuvchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasliklari, dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik va ichkilikbozlikdan saqlanishi, huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymasliklari shart.

 

Xizmat intizomi, o‘z navbatida, ichki ishlar xodimlariga quyidagi vazifalarni yuklaydi:

 

– O‘zbekiston qonunchiligiga rioya qilish;

– ichki ishlar xodimlari qasamyodiga sodiq bo‘lish;

– fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish xizmatini fidokorona amalga oshirish;

– xizmat qurollari, mol-mulki va jihozlarini himoya qilish;

– davlat va xizmat sirlarini saqlash;

– rasmiy guvohnomalardan foydalanish tartibiga qat’iy rioya qilish, ulardan xizmatga aloqador bo‘lmagan holatlarda foydalanmaslik, uni ko‘rsatish orqali o‘z lavozimini suiiste’mol qilmaslik.

 

Ichki ishlar organlarida boshliqlar va xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda, kodeksga ko‘ra, noqonuniy bo‘lgan va xizmatga aloqador bo‘lmagan buyruq va ko‘rsatmalar berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Rahbar qo‘l ostidagilardan o‘z xizmat vazifalaridan tashqaridagi topshiriqlarning bajarilishini talab qilmasligi, shuningdek, ularni noqonuniy xatti-harakatlarga undamasligi kerak. Bunday buyruq yoki topshiriqni olsa, xodim darhol yuqori rahbar yoki o‘zining xavfsizlik bo‘linmasini xabardor qilishi kerak. Agar buning iloji bo‘lmasa, noqonuniy buyruq va topshiriqlarni bajarishni rad etishga haqli.

 

Boshqa hollarda buyruqlar so‘zsiz, aniq va o‘z vaqtida bajarilishi kerak. Kodeksda belgilanganidek, buyruq va ko‘rsatmalarni muhokama qilish, shuningdek, ularni tanqid qilish mumkin emas.

 

Kodeksga muvofiq, xodimlarni rag‘batlantirishda quyidagi choralar qo‘llanishi mumkin:

 

– minnatdorlik e’lon qilish;

– qimmatbaho yoki esdalik sovg‘alari yoki pul mukofoti bilan taqdirlash;

– faxriy yorliq bilan taqdirlash;

– idoraviy ko‘krak nishoni bilan taqdirlash;

– belgilangan lavozimdan bir pog‘ona yuqori bo‘lgan navbatdagi daraja yoki darajani muddatidan oldin tayinlash.

 

Xodimlar quyidagi intizomiy jazoga tortilishi mumkin:

 

– tanbeh;

– hayfsan yoki qattiq hayfsan;

– ish haqining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima;

– ma’sus unvonini bir pog‘ona pasaytirish;

– lavozimidan ozod qilish;

– gauptvaxtada qamoqqa olish;

– ichki ishlar organindan ishdan bo‘shatish.

 

Kodeks, shuningdek, qaysi hollarda muayyan rag‘batlantirish yoki jazo choralari qo‘llanishini belgilaydi. Masalan, ichki ishlar bo‘limida xizmatdan bo‘shatish xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzish, masalan, uzrsiz sabablarga ko‘ra ketma-ket uch kun xizmat joyida bo‘lmaslik, mast holatda xizmatda bo‘lish, qoidabuzarlik kabi holatlarda qo‘llanishi mumkin.

 

Kodeksda qayd etilishicha, uning normalarini buzish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//