Oʻrta Osiyoda ilk bor 1-klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasida virusologiya laboratoriyasini yaratgan olim Shabat Xodjayev vafot etdi

Saqlash
17:32 / 12.11.2021 1529 0

Xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston va Nyu-York akademiyasining haqiqiy aʼzosi, professor Xodjayev Shabat Xodjayevich 98 yoshda olamdan koʻz yumdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi maʼlum qildi.

 

Shabat Xodjayev 1924-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1946-yilda Toshkent tibbiyot institutining davolash fakultetini tamomlagan.

 

1946-yil noyabr oyida Sobiq Ittifoq Tibbiyot fanlari akademiyasining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar institutiga aspiranturaga oʻqishga qabul qilindi (Moskva). Aspiranturani tamomlagach, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, 1951-yilgacha shu institutda ishladi.

 

1961-yilda Sh.X.Xodjayev Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida yuqumli kasalliklar kafedrasi professori, 1962-1965-yillarda ilmiy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor lavozimlarida ishlagan, 1964-yildan esa bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasini tashkil etib, 40 yil davomida unga rahbarlik qilgan.

 

Sh.X.Xodjayev 1967-yilda Oʻrta Osiyoda ilk bor 1-klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasida virusologiya laboratoriyasini yaratdi va Oʻzbekistonda birinchi marta gripp va boshqa oʻtkir respirator kasalliklar diagnostikasi uchun immunofluoressensiya reaksiyasini joriy qildi. Klinik immunologiyada olib borilgan ishlarning katta bosqichi natijasi oʻlaroq Moskvada nashr etilgan “Immunologiya boʻyicha qoʻllanma” (1973) monografiyasi boʻldi.

 

1979-yilda Sh.X.Xodjayev D.I.Ivanovskiy nomidagi Virusologiya institutining Oʻzbekistondagi filialini tuzib, unga rahbarlik qildi. OʻzR SSV Virusologiya institutiga asos solib, unga 2004-yilgacha rahbarlik qilgan.

 

Professor Xodjayev Virusli gepatit sohasida ish boshlagan holda Oʻzbekiston aholisini gepatit virusiga qarshi ommaviy emlash gʻoyasini ilgari surib, bosqichma-bosqich amalga oshirdi. 1990-1991-yillarda Sh.X.Xodjayev rahbarligida Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida virusli gepatit B ga qarshi emlash dasturi ishlab chiqildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//