O‘zbekiston Tojikistondan qo‘shimcha elektr import qilishni boshladi

Saqlash
16:31 / 20.01.2023 1782 0

Anomal sovuq davrida Surxondaryo viloyatida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Tojikistondan qo‘shimcha elektr energiyasi yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda «Hududiy elektr tarmoqlari» Surxondaryo hududiy filiali matbuot xizmati.

 

18-yanvar kuni Sho‘rchi, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on tumanlarining 70 foiz, Bandixon, Qiziriq, Sherobod tumanlarining 90 foiz va Boysun tumanidagi elektr energiya iste’molchilari Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlari qatori Tojikistonning «Regar-500» podstansiyasidan chiquvchi 220 kVli L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlari orqali kuchlanish bilan ta’minlandi.

 

Viloyatning Termiz, Jarqo‘rg‘on tumanlarining 30 foizi, Muzrabot, Angor, Sherobod tumanlarining 10 foizi hamda Termiz shahrining elektr energiya iste’molchilari 196 MVt yuklama bilan O‘zbekiston orqali kuchlanish bilan ta’minlanmoqda.

 

Tojikistonning «Regar-500» podstansiyasidan chiquvchi 220 kVli L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlarining har biridagi simning yuklamani ko‘tarish qobiliyati 250 MVtga mo‘ljallangan.

 

«L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlarining birortasi favqulotda o‘chib qolish holatlari yuz bergan vaqtlarda energosistemani saqlab qolish maqsadida Sho‘rchi, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Boysun, Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlari bo‘yicha Janubiy mintaqaviy dispetcherlik boshqarmasi dispetcherlarining topshirig‘i va Surxondaryo hududiy dispetcherlik bo‘limi dispetcherining farmoyishi bilan tumanlarning o‘zidan tasdiqlangan cheklash grafigiga asosan 6−10 kVli fiderlardan soatiga 70−80 MVt dan cheklash olib borish taqazo etiladi», — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//