Ilk bor oʻzbek shifokorlari tomonidan siam egizaklari oʻta noyob operatsiya natijasida ajratib olindi (foto)

Saqlash
20:51 / 19.01.2023 2226 0

Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya oʻquv-davolash-metodik markazi yangi tugʻilgan chaqaloqlarda murakkab amaliyotlar oʻtkazish borasida noyob muassasadir. 

 

Buni qoʻshni davlatlardan kelayotgan bemorlar oqimidan ham bilish mumkin. 

 

Oʻzbekistonlik yaqinlaridan ushbu shifoxona haqida eshitgan qirgʻizistonlik egizaklarning ota-onasi bu yerga oʻtgan yil iyun oyida murojaat qilgan.

 

Gap shundaki, 2022-yil 31-mayda dunyoga kelgan chaqaloqlar siam egizaklari boʻlib, ulardagi bu noodatiy holat homilaning 28 haftaligida aniqlangan va boʻlajak ona Oʻsh shahridan Bishkek shahriga yuborilgan. 29-haftada tugʻuruq jarayoni “kesarcha” usulida amalga oshirilgan. Dunyoga kelganida umumiy vazni 1 600 gramm boʻlgan chaqaloqlarga Fotima va Zuhra deb ism qoʻyishgan. 

 

 Qanday holatlarda siam egizaklari dunyoga kelishi mumkin?


Siam egizaklari tanasining maʼlum bir qismi birlashgan holda tugʻiladi. Ularning ichki organlari ham birlashgan boʻlishi mumkin. Tanasi tutash chaqaloqlarni vaqti kelib jarrohlik yoʻli bilan ajratish mumkin, biroq umumiy ichki aʼzolarga ega egizaklarni tanasidan ajratish deyarli imkonsiz.

 

Odatda, siam egizaklari 200 ming holatda bir marta uchrashi mumkin. Maʼlumotlarga koʻra, ularning aksariyati oʻlik holatda dunyoga keladi. Tirik tugʻilganlarining 5 foizdan 25 foizgacha boʻlgan qismi uzoq umr koʻrish baxtidan benasib boʻladi.

 


Jajji Fotima va Zuhra tanasining qorin qismi, aniqrogʻi, jigari bilan birlashgan edi. Bitta ichki aʼzolarga ega egizaklarni ajratish esa oʻta murakkab va xavfli operatsiya edi. Ular yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh, yaʼni opa-singillarning farzandlaridan dunyoga kelgan.

 

Tugʻuruqdan 10 kun oʻtgach, ota-onaga bolalarning yashab qolish imkoni umuman yoʻqligi aytilib, uyiga ruxsat berilgan. Ammo farzandlarining yashab ketishidan umid uzmagan ota-ona oradan bir oy oʻtgach, Oʻzbekistondagi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari Baxtiyor Ergashevga telefon orqali murojaat qilishdi. 

 

Bemorlar holatidan xabardor boʻlgan tajribali neonatal xirurg, professor B. Ergashev ularni yanada chuqur tibbiy koʻriklardan oʻtkazish zarurligini aytadi. Ammo Oʻsh shahrida buning imkoni boʻlmaydi. Shunga qaramay, tajribali mutaxassis egizaklarni har oy onlayn tarzda tibbiy nazorat qilib boradi. Nihoyat oktyabr oyida goʻdaklar Respublika perinatal markazining Neonatal xirurgiya oʻquv-davolash-metodik markaziga olib kelinadi. Bu paytda ular 5 oylik boʻlib qolgan edi...

 

 

Oʻzbekistonda siam egizaklari avval ham operatsiya qilinganmi?


Shu paytgacha yurtimizda bu turdagi amaliyot faqat bir marta Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan. Unda ham operatsiya chet eldan chaqirilgan mutaxassis boshchiligida va bevosita ishtirokida kechgan. 

 

 —    Neonatal xirurgiya oʻquv-davolash-metodik markazida oʻtkazilgan ushbu oʻta murakkab amaliyot esa toʻliq oʻzbek shifokorlari tomonidan amalga oshirildi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor B. Ergashev. — Bu operatsiyani mamlakatimizning eng tajribali xirurglari yordamisiz amalga oshirib boʻlmas edi. Bizga ustozlarimiz — Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori, professor Habibullo Oqilov va ToshPTI bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri, professor Nasriddin Ergashev yaqindan yordam berdi.

 

Ammo amaliyot darajasi, kritik omillarni hammamiz sezib turardik. Bir necha oy davomida turli adabiyotlarni oʻqib-oʻrganib, xalqaro darajada oʻtkazilgan amaliyotlarning videotasvirlarini tahlil qilib, barcha masʼuliyatni zimmamizga olgan holda ishga kirishishga ahd qildik. 

 

 

Vaziyatni bolalarning ota-onasiga tushuntirdik. Ularga agar istashsa, boshqa davlatga olib borishlari mumkinligini ham maʼlum qildik. Lekin ota-ona avvalgi amaliyotlarimiz bilan yaxshi tanishib chiqishgani, bizga toʻliq ishonishlarini bildirdi. Bu ishonch ham bizga kuch bagʻishladi.

 

Operatsiya kuni...


Oʻtgan yilning 16-dekabr kuniga qadar Respublika perinatal markazi jamoasi oʻzaro maslahatlashdi. Egizaklar toʻliq konsilium qilindi. Muassasadagi barcha yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar tekshiruvdan oʻtkazildi. Eksperiment tariqasida sinov amaliyotlari oʻtkazilib, tibbiy jamoa ham, texnologiyalar ham shay holatga keltirildi. Shundan soʻng 19-dekabr kuni operatsiya belgilandi.

 

Amaliyotni ustozlar roziligi bilan professor Baxtiyor Ergashev boshlab berdi.

 

 —    Amaliyot 3 soat davom etdi. Bolalar bir-biri bilan jigar orqali birlashgani oʻz isbotini topdi. Bolalarni ajratganda jigardan va boshqa qon tomirlardan qon ketishining oldini olish maqsadida ultratovush va argon skalpeli, shuningdek, “Bloodstop” deb atalgan zamonaviy gemostatik materialdan foydalandik. Natijada minimal darajada qon ketishi bilan bolalar ajratib olindi, — deydi B.Ergashev.

 

 

Omadni qarangki, bemorlarning oʻt pufaklari alohida-alohida shakllangan edi. Bu esa ikki tana ajratilganida, bu aʼzolar oʻz vazifasini bekamu koʻst bajarishini taʼminlar edi. 

 

Shunday qilib, egizaklar muvaffaqiyatli ajratib olindi. Operatsiyaning keyingi bosqichida tibbiy jamoa ikki guruhga boʻlinib, ish olib borishi kerak edi. 

  

Tibbiy jamoa...


Siam egizaklari bir-biridan ajratilgach, Fotimaxonni Baxtiyor Ergashev, Nasriddin Ergashev va Nurbek Egamnazarov, Zuhraxonni esa Habibullo Oqilov, Javlon Muxtorov va Abdujamil Abdugʻaniyevdan iborat neonatal xirurglar jamoasi operatsiya qildi. 

 

 

Ularga Resbpublika perinatal markazining neonatolog, reanimatolog va anesteziologlari U.Azimova, M.Shovazova, A.Qurbonova, F.Joʻrayeva, D.Xaliqulova, M.Miryunusova, shuningdek, malakali operatsiya va tibbiy hamshiralar guruhi yaqindan yordam berdi.

 

Natija...


Ushbu amaliyotlar xirurglar tili bilan aytganda “silliq” oʻtdi.


Operatsiya xonasiga bir vujud sifatida olib kirilgan chaqaloqlar ikki mustaqil organizm sifatida olib chiqildi. Oʻta murakkab amaliyotni boshdan oʻtkazishgani va nimjonligi ularning tiklanish jarayonini sekinlashtirdi. Ayniqsa, Zuhraxonning buyraklari meʼyordan ancha kichik ekani shu yerda oʻz taʼsirini koʻrsatmasdan qolmadi. Uning salomatligini tiklashda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bolalar boʻlimi mutaxassislari ham katta hissa qoʻshdi.

 

 

Mutaxassislar endilikda “siam egizagi” deb atalmayotgan ushbu bolajonlarning ahvolini stabil deb baholamoqda. Yaqin kunlarda chaqaloqlarni yashash joyiga chiqarishga umid qilinayapti. Bu natijaga erishishda bir yoqadan bosh chiqarib ishlagan xirurglar, umuman, professional darajada ish olib borgan katta jamoa asosiy rol oʻynadi.

 

 

 

Ular oʻz mahorati, bilimi, tajribasi va jurʼati bilan oʻzbek tibbiyoti solnomasiga yana bir ulkan voqeani yozib qoʻyishdi. 


Operatsiyada ishtirok etgan mutaxassislar Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//