Toshkent viloyatida askar harbiy xizmatdan qaytishiga ikki oy qolganida oʻzini otgani aytilmoqda

Saqlash
17:28 / 17.01.2023 1265 0

Toshkent viloyatidagi harbiy qismlarning birida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askar 21 yoshga toʻlishiga 4 kun qolganda halok boʻlgan.

 

Mudofaa vazirligiga koʻra, holat Zangiota tumanidagi harbiy qismda sodir boʻlgan. Holat yuzasidan Qurolli Kuchlar Sud tibbiy ekspertiza markazi mutaxassislari tomonidan tibbiy ekspertiza oʻtkazilgan hamda Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilmoqda. Tekshirish natijasi haqida qoʻshimcha axborot taqdim etilishi maʼlum qilingan.

 

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi axborot xizmatining Kun.uzʼga maʼlum qilishicha, 11-yanvar kuni soat taxminan 10:15 larda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askar oʻziga biriktirilgan AKS-74 rusumli avtomat bilan boshiga qarata oʻq uzgan. U voqea joyida vafot etgan.

 

Qayd etilishicha, harbiy qism tibbiyot xodimlari uni darhol Mudofaa vazirligi Markaziy klinik gospitaliga olib ketgan.

 

Marhumning yaqinlari Milliy telekanalining “Millar” dasturiga bergan intervyusida askar yigit urib oʻldirilgan degan gumonda ekanini bildirishgan.

 

“Oʻgʻlim Mirjalol Imomovni oʻtgan yili 4-may kuni harbiy xizmatga kuzatgandik. 11-yanvar kuni kech soat 17:30 larda harbiy qismdan xoʻjayinimga qoʻngʻiroq qilib: “Bandachilik, oʻgʻlingiz oʻzini otib qoʻydi”, deb aytishdi. Otasi shok holatiga tushib gapirolmay qotib qoldi. Shunda telefonni olib: “Nimalar deyapsiz, mening oʻgʻlim oʻzini otadigan yigitmas” deb aytganimdan keyin qoʻngʻiroq qilayotgan shaxs: “Olti-yetti nafar askarni qamab qoʻyganmiz, hozir surishtiruv ketyapti. Otib qoʻyishibdi oʻgʻlingizni”, deb boshqacha gapirdi. Yaʼni avval oʻzini otib qoʻydi degan boʻlsa, keyin otib qoʻyishibdi dedi. U oxirgi marta yangi yil kuni ertalab qoʻngʻiroq qilib, Xudo xohlasa mart oyida qaytaman, degandi. Sanasini ayt deganimda sizga syurpriz qilib kirib boraman, deb aytmagandi”, — deya taʼkidlaydi marhumning onasi.

 

Askarning yaqinlariga koʻra, marhum jasadida turli jarohat izlari bor. Jumladan, old ikkita tishi singan, qoshining tepasi yorilgan. Shunga tayanib ular Mirjalol kaltaklangan boʻlishi mumkinligini gumon qilishmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//