Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Misr elchisini qabul qildi

Saqlash
10:01 / 13.01.2023 2871 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Misr Arab Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Amira Fahmiyni qabul qildi.


Elchi xonim uchrashuv avvalida vazirni yangi lavozim bilan tabriklab, ikki davlat oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish hamda mustahkamlash borasida fikrlarini bildirdi. Xususan, Oʻzbekiston va Misr universitetlari oʻrtasida aloqalarni yanada mustahkamlash lozimligi taʼkidlandi.


Muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil mart oyida Misrga rejalashtirilayotgan safari davomida oliy taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo kelishuvlarni imzolash masalasi muhokama etildi.


I. Abdurahmonov oʻtgan yilning oktyabr oyida Misrga tashrifi chogʻida Misr Arab Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Al-Sayid el-Quseyr, Misr-Yaponiya ilm-fan va texnologiyalar universiteti (E-Just) Prezidenti Amr Adli bilan uchrashib, ikki davlat oʻrtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasida mustahkam aloqalar oʻrnatilgani va endilikda oliy taʼlimni rivojlantirish borasida ham qator ishlarni rejalashtirilganini aytdi. Xususan, vazir Misrda oʻtgan uchrashuvlarda jurnalistlar tomonidan tadbirlarni yoritishdagi yondashuvga alohida eʼtibor berganini va bu amaliyotni yurtimizda ham joriy etish muhimligini taʼkidladi. Tomonlar Qohira Universiteti mass-media fakultetining malakali professorlarini Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida tahsil berishga jalb qilish, shuningdek, oʻzbekistonlik boʻlajak jurnalistlarni Misrda tahsil olishlarini tashkil qilish masalasini muhokama qildilar.


Umuman olganda madaniyat, kutubxonachilik, diniy bilimlar, turizm, muzeyshunoslik, ekologiya sohalaridagi taʼlim boʻyicha hamkorlikni oʻrnatish muhimligi taʼkidlandi. Ikki davlat xalqlarining madaniy jihatdan yaqinligi bunga zamin yaratishi haqida fikrlar bildirildi.


Amira Fahmiy xonim Oʻzbekistondagi arab tili oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha takliflar berdi – bunda pedagoglarni Misrga stajirovkaga joʻnatish yoki misrlik trenerlarni Oʻzbekistonga taklif qilish mumkinligi aytib oʻtildi.


Shuningdek, tomonlar diniy oliy taʼlim muassasalarida tolerantlikni targʻib qilish, turli ekstremistik oqimlarning taʼsiriga immunitet shakllantirishda ikki davlat oʻrtasida tajriba almashish zarurligi qayd etildi.


Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi kutubxonasida maxsus Misr burchagini tashkil qilishga kelishildi. Amira Fahmiy kitoblar fondini toʻldirishda elchixona qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish