Prezident tanqididan so‘ng davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni «elektron tanlash» tizimi ishga tushirilmoqda

Saqlash
21:59 / 11.01.2023 1576 0

Tizim “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, tegishli protsessual qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritilganidan so‘ng ishga tushirilishi kutilmoqda. Adliya vazirligi qonun loyihasi Oliy Majlis Senatida ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

 

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash imkoniyati yaratilmoqda. Mazkur advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz Yuridik yordam axborot tizimi orqali tasodifiy tanlanadi.

 

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatgan advokatlar haqidagi ma’lumotlar ochiq va shaffof holda “Yuridik yordam” axborot tizimida e’lon qilinadi. Yangi elektron tanlash tizimi “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, tegishli protsessual qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritilganidan so‘ng ishga tushiriladi.

 

Adliya vazirligiga ko‘ra, bugungi kunda qonun loyihasi Oliy Majlis Senatida ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu loyiha bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari yaratiladi.

 

Ta’kidlash kerakki, amalda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishi uchun advokat faqat jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan jalb etiladi. Bu esa jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelmoqda.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabrda parlamentga yo‘llagan murojaatida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozim ekanini ta’kidlagandi.

 

“Nima uchun, haligacha davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni “elektron tanlash” tizimi ishga tushmadi? Kim bunga qarshi?” – deya savol qo‘ygandi prezident va mas’ullarga tez kunlarda ushbu tizimning to‘liq ishga tushirilishini ta’minlashni topshirgandi.

 

Davlat rahbari o‘z ma’ruzasida qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratilishi, unga ko‘ra, sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinishi, ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinishini ta’kidlagandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//