Oʻzbekistonda chiqindi poligonlari qurishga 28 mlrd soʻm ajratiladi

Saqlash
12:01 / 09.01.2023 1052 0

Oʻzbekistonda 2023-yilda qurilish chiqindi poligonlarini qurish uchun budjetdan qariyb 28 milliard soʻm, tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish uchastkalarini qurish uchun 50 milliard soʻm ajratiladi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi masʼul xodimi Jamshid Ishchanov maʼlum qildi.

 

Uning qayd etishicha, 1-yanvardan kuchga kirgan kirgan qonunga koʻra, chiqindilarni toʻplash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olingan daromadlar hisobot davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 90 foizini tashkil etgan soliq toʻlovchilar uchun 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda mazkur faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi va ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz miqdorida etib belgilandi.

 

2023—2025-yillar uchun tasdiqlangan manzilli dasturlarga asosan 29 ta qattiq maishiy chiqindi poligonini rekultivatsiya qilish, 437 ta chiqindi yigʻish shoxobchalarini qurish, 26 ta qurilish chiqindi poligonini tashkil etish, ijtimoiy soha obyektlariga 18 867 ta chiqindi konteyneri xarid qilish, 38 ta qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyasini tashkil etish, 60 ta tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish uchastkasini tashkil etish hamda saralash uskunalarini oʻrnatish uchun jami 1,1 trillion soʻm mablagʻlarni moliyalashtirilishi rejalashtirilmoqda.

 

Xususan, 2023-yilda ushbu dastur ijrosi uchun jami 170 milliard soʻm, shu jumladan qurilish chiqindi poligonlarini qurish uchun 27,8 milliard soʻm va qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish uchun 92,2 milliard soʻm hamda tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish uchastkalarini qurish uchun 50 milliard soʻm mablagʻlar moliyalashtirilishi belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish