Toshkent shahar hokimi sovuqdan betalafot chiqish uchun topshiriqlar berdi

Saqlash
09:01 / 07.01.2023 1593 0

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev sovuq ob-havoning keskin kirib kelishi munosabati bilan har qanday talafotlarning oldini olish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi, deb yozadi shahar hokimligi matbuot xizmati.

 

Unga koʻra, 9-yanvardan 18-yanvargacha shahar va tuman hokimliklarida, boshqarmalar va ularning tuman boʻlimlarida har qanday majlislar (jumladan Zoom shaklida), tadbirlar, masʼullarni asosiy faoliyatidan chalgʻituvchi boshqa yigʻilishlarni oʻtkazish taqiqlandi.

 

Shuningdek, shahar hokimi tomonidan mutasaddilarga bir qancha vazifalar yuklatildi:

 

— vaziyatlarni boshqarish yuzasidan topshiriqlar telefon va onlayn aloqa tizimlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi;

— qolipli non ishlab chiqaruvchilarga gaz va elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini nazoratga olish;

— oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashini taʼminlash;

— shahar jamoat transportining tizimli ishlashi choralarini koʻrish;

— markaziy va ichki yoʻllarni tezkorlik bilan qor va muzlamalardan tozalashni tashkil qilish;

— boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan koʻp qavatli uylar yoʻlaklarini qor va muzlamalardan oʻz vaqtida tozalashni taʼminlash;

— elektr tizimida avariyalarni tezkor bartaraf etish;

— tugʻruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylarining issiqlik taʼminotini alohida nazoratga olish, ulardagi mavjud elektr generatorlarini yoqilgʻi bilan taʼminlash, toʻxtovsiz ishlashi uchun shay holatga keltirish;

— favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 2 kun muddatda jamoat joylarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qayta koʻrik-nazorat tadbirlarini oʻtkazilishini taʼminlash;

— aholini jamoat transportidan foydalanishiga keng imkoniyatlar yaratish va imkon qadar shaxsiy transport vositasidan foydalanmaslikni tavsiya etish;

— navbatchilik, shtablar va call-markazlar faoliyatidagi aloqa telefonlarining uzluksiz ishlashini nazoratga olish;

— 2 kun muddatda 103 tez tibbiy yordam mashinalarini tibbiy anjom va dori vositalari bilan taʼminlanganlik darajasini koʻzdan kechirib, yetishmovchiliklarni toʻldirish;

— koʻchada xizmat qilayotgan yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va obodonlashtirish xodimlarini issiq choy va yegulik, ixcham termos idishlari bilan taʼminlash va hokazo.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish