Fatvo markazi ziyoratchilarni dabdaba bilan kutib olish haqidagi videoga munosabat bildirdi

Saqlash
21:15 / 05.01.2023 1387 0

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi ijtimoiy tarmoqlarda Umra ziyoratini ado etib kelgan ayolni kutib olishda uning qadami ostiga sholcha, kiyimlar to‘shalgani, yosh bolaning ziyoratchi oyog‘i ostiga bostirilishi aks etgan videolavha yuzasidan munosabat bildirdi.

 

Markazning qayd etishicha, Umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yo‘l qo‘yishi kuzatilmoqda. Ba’zi hollarda safardan kelganlarni dabdaba bilan kutib olish, ko‘cha boshidan poyandozlar solish holati ko‘paymoqda.

 

«Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid bo‘lib, unday ishlarni qilayotganlar o‘ta johil va nodon kishilardir. Ehtimol, bu ishlari bilan ular o‘zlarining Allohning baytiga bo‘lgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidir. Lekin ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Aksincha, bu riyokorlik va og‘ir gunoh. Dinimizda ibodatni odamlarning ko‘zidan yashirishga, ko‘z-ko‘z qilmaslikka buyuriladi. Agarda kishi bir amalga „odamlar meni ko‘rib qo‘ysin“, — degan qasd bilan kirishsa, shu amali bekorga ketib, ustiga-ustak gunohkor ham bo‘ladi», — deyilgan bayonotda.

 

Markaz dabdabali marosimlar uchun qilinadigan sarf-xarajatlarni tejab, muhtoj kishilarga berish, bolalarning ta’lim olishi yo‘lida sarflashni tavsiya qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//