Samarqandda “Dok-1 Maks”dan zaharlangan bola hayotga qaytdi

Saqlash
14:43 / 05.01.2023 1303 0

Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “Dok-1 Maks” siropidan zaharlangan yana bir bola hayotga qaytdi.

 

Qayd etilishicha, jonlantirish bo‘limidagi bir necha og‘ir kunlardan so‘ng 3 yoshli Abdullajon Fayziddinov nefralogiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Bolaning onasi Dilnoza Boyqobilova ular Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz tumanidan ekanini aytib o‘tgan.

 

“Abdullo juda og‘ir ahvolda bo‘lganda kelganmiz. Bungacha men “Dok-1 Maks”dan 4 kun berganman. Isitmasi chiqqanda aptekaga borgandim. “Shuni ichiring, grippga ham, shamollashga ham, temperaturaga ham shu yaxshi” deb berishdi. 21-dekabrdan peshob chiqmay qoldi. Ertasiga bu yerga olib keldik”, – deydi Boyqobilova.

 

U bolani shifoxonaga olib kelgan kunlarda internetdagi xabarlar bir tomon, bolaning ahvoli bir tomon bo‘lib, butkul tushkunlikka tushib qolganini taʼkidlagan.

 

“Faqat yig‘lardim. Axir, yetti kun peshobi qelmadi. Ovqat ham yemaydi, gapirmaydi ham, men bilan ishi ham yo‘q, faqat uxlardi. Shifokorlar, hamshiralar tunu kun qarashdi. Bu insonlarga mingdan ming rahmat. Bolam, shukur ko‘zini ochdi”.

 

Dilnoza Boyqobilova o‘g‘li o‘z-o‘z bo‘lsa ham ovqat isteʼmol qilayotgani, majolsiz ovozda bo‘lsa ham nimanidir so‘zlayotgani va salomatligidagi muammolar sekin-asta bartaraf bo‘layotganidan xursand.

 

Tibbiyot markazining gemodializ bo‘yicha mutaxassisi Bahodir G‘aniyev bolaga zaharlangan siropdan kam dozada berilgani uni hayotga qaytarish uchun katta yordam bo‘lganini taʼkidlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//