Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-dekabr kuni “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir!” mavzusidagi zamonaviy darsliklar koʻrgazmasi bilan tanishdi.
Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir, degan edi Shavkat Mirziyoyev. Shuning uchun bu sohaning barcha bosqichlari tubdan isloh qilinib, kompleks rivojlantirilmoqda. Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Bunga mutanosib ravishda 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berildi.
Taʼlim sifatini oshirish, bolalarni oʻqishga qiziqtirishning muhim omili, birinchi navbatda, yaxshi darslik. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 29-apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oʻqitish metodikasini takomillashtirish vazifalari belgilangan edi. Shunga muvofiq, oʻtgan uch yil davomida darsliklarni yangilash boʻyicha ish olib borildi. Maxsus ishchi guruh tomonidan ilgʻor xorijiy metodika asosida 1-4-sinf kitoblari yangidan tayyorlandi.
Koʻrgazmada davlatimiz rahbariga ushbu darsliklar mazmuni haqida maʼlumot berildi. Ular XXI asr kishisi uchun eng zarur boʻlgan “4K” koʻnikmasi boʻyicha ishlab chiqilgan (kritik fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikatsiya). Yaʼni, bu oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantiradi.
Yangi darsliklarni tayyorlashda PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA kabi xalqaro dasturlardagi namunaviy vazifalar asos qilib olingan. Darslik bilan birga mashgʻulot daftarlari, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar ham chop etilgan. Shuningdek, bu tizimga Estudy elektron taʼlim platformasi integratsiya qilingan. Undan dars paytida ham, boʻsh vaqtda ham foydalanish mumkin.
Prezident yangi darsliklar bilan tanishib, ularning mazmuni yuzasidan tavsiyalar berdi.
- Dunyo pedagoglari tajribasidan foydalangan yaxshi. Shu bilan birga, darsliklarda milliy gʻoya, ajdodlarimiz merosi ham boʻlishi kerak. Masalan, jadid bobolarimiz taʼlim boʻyicha qancha ishlar qilgan. Yaqinda Elbekni oʻqidim. “Qiz bolani oʻqitgan davlat butun jamiyatni oʻqitgan boʻladi” deb yozgan ekan. Bizning darsliklarimizda bunday gaplar yoʻqku. Nima demoqchiman? Yangi darsliklarni shunday mukammal tayyorlash kerakki, keyinchalik bunga yana qaytmaylik. Bugungi taʼlim qirq yildan keyin biz haqimizda soʻzlaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Darsliklarni amalda tatbiq qilish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Mazkur yangi darsliklar xalqaro ekspertizadan oʻtkazilib, poytaxtimizdagi 134-maktabda sinab koʻrildi. Birlamchi natijalarga koʻra, ular asosida oʻqitilgan oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasi 88 foizni tashkil etdi. Amaldagi dastur boʻyicha esa bu 67 foiz, xolos. Koʻrgazmada mazkur darslik sinovdan oʻtkazilgan boshlangʻich sinf darsi namoyish etildi. Bu maktabda inklyuziv taʼlim tizimi asosida alohida ehtiyoji bor oʻquvchilar ham barcha bolalar bilan birga saboq olmoqda.
Davlatimiz rahbari oʻqituvchi va bolalar bilan suhbatlashdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q