Rasman: Rasul Kusherbayevning deputatlik vakolati muddatidan oldin tugatildi

Saqlash
16:02 / 26.12.2022 1336 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning deputatlik vakolati muddatidan oldin tugatildi. Bu haqda tegishli qaror 26-dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida qabul qilingan.

 

MSK Kusherbayevning vakolatlarini muddatdan oldin tugatish masalasini koʻrib chiqdi. Komissiya aʼzolari bir ovozdan uning mandatini tugatishni qoʻlladi. Qarshilar boʻlmagan.

 

Avvalroq Rasul Kusherbayev oʻz Telegram-kanalida deputatlik faoliyatini yakunlaganini maʼlum qilgandi.

 

“Deputatlik faoliyatimni yakunlashga qaror qildim. Bunday ishlay olmas ekanman.

 

Bunga majbur boʻlganimdan afsusdaman. Ishonch bildirgan, qoʻllab-quvvatlagan barchaga rahmat! Rozing boʻlinglar! Nasib qilsa qolganini vaqt koʻrsatadi. Alloh madadkor boʻlsin”, – deb yozgandi u.

 

U bungacha Twitter sahifasida davlat budjeti loyihasining joriy muhokamasida qatnashmagani haqida yozgandi.

 

“Bu safargi budjet muhokamalarida ishtirok etmadim. Katta hajmdagi loyihani oʻqishga ham yetarli vaqt berilmadi. 1-oʻqishda yalpida soʻz soʻrasam “zam” spiker Ulugʻbek Inoyatov ochiqchasiga soʻz bermadi. Soʻng majlisdan chiqib ketdim va kirmadim.

 

Deputatlarning ogʻzini yopadigan “zam”larni boridan yoʻgʻi yaxshi”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//