Ilm-fan
Xalqaro reytinglarga kirgan OTMni tugatgan yosh kadrlarga 12 mln soʻmgacha, ilmiy daraja olganlarga esa 22,5 mln soʻmgacha ustama beriladi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlumot berdi.
Oʻzbekiston prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qoʻshimcha ustamalar toʻlab borish tartibi joriy etilgan.
Qayd etilgan qoʻshimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi oʻrtasida imzolangan shartnoma asosida har oy toʻlab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi va toʻlovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantirilgan oylik ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yoʻnalishlari, tor mutaxassisliklar roʻyxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalari roʻyxati Agentlikning rasmiy veb-sayti — www.argos.uz da joylashtirilgan.
Maʼlumot uchun, xalqaro eʼtirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar — Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World University hisoblanadi.
Xalqaro eʼtirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar reytinglarida eʼlon qilingan universitetlar roʻyxati bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-sayti — www.tdi.uz da tanishish mumkin.
Xalqaro reytingda 1-dan 100-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida (9 mln soʻm), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 40 barobari miqdorida (12 mln soʻm), xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 75 barobari miqdorida (22,5 mln soʻm) ustamalar belgilangan.
Xalqaro reytingda 101 dan 300-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida (6 mln soʻm), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida (9 mln soʻm), xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 60 barobari miqdorida (18 mln soʻm) ustamalar belgilangan.
Shuningdek, xalqaro reytingda 301 dan 500-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 15 barobari miqdorida (4,5 mln soʻm), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida (6 mln soʻm), xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 50 barobari miqdorida (15 mln soʻm) ustamalar belgilangan.
Farmonda qoʻshimcha ustamalar 500 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini 2021-yil va kelgusi yillarda tamomlagan yosh mutaxassisga, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan, yosh mutaxassis — oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini bitirgan, taʼlim muassasasini bitirganidan soʻng olgan ixtisosligi boʻyicha uch yil ichida ishga kirgan va maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan ixtisosligi boʻyicha ishlayotganiga uch yildan koʻp boʻlmagan oʻttiz yoshdan oshmagan xodimga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.
Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda agentlik tomonidan 66 nafar yosh mutaxassislar bilan ustamalar toʻlash yuzasidan shartnomalar tuzilgan.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q