Madaniyat
«Izlam» turkumidagi 9 ta kitobning faqat bittasi nasr yoʻnalishida – “Azal va abad yoʻli” nomi ostida nashr etilgan. Yozuvchi Nazar Eshonqul oyina.uzga toʻplamdagi shu nomli qissa haqidagi fikrlari bilan bo'lishdi.
«Ona zamin kun boʻyi mayda va hech zamon bitmaydigan tashvishlari bilan uyoqdan-buyoqqa zir yugurgan, yigʻlagan, siqtagan, kulgan, ajablangan, nafratlangan, hayratlangan, koʻkka sapchigan, oʻylangan, umidsizlangan, gʻayrati joʻshgan, asli-nasli Odam Ato va Momo Havoga borib taqaladigan qariyb sakkiz milliard banibasharni, ustiga-ustak ulardanda ming chandon ogʻir dardu tashvishlarini koʻtarib yuraverib-yuraverib sillasi quridi, tomogʻi tanglayiga yopishdi, oyoqlarida mador qolmadi...»
“Azal va abad yoʻli” qissasi ana shu jumlalar bilan boshlanadi va bizni oʻzining tasavvur oʻyiniga taklif qiladi. Men bekorga “tasavvur oʻyini” demadim. Azizbek bu qissasida odatda biz koʻnikkan, koʻrib, boshimizdan kechirayotgan yoxud yonimizda turgan hayot maromi va kechmishini emas, voqelikning narigi tomonida, faqat idrok bilan anglash mumkin boʻlgan oʻzining badiiy tasavvurlarini bayon qilish orqali bizni oʻzining «tasavvur oʻyiniga taklif qiladi. Xulio Kortasar adabiyotni “oʻyin”, yaʼnikim, tafakkur oʻyini deb atagandi. Tafakkur oʻyini tasavvur kengliklarida boʻlib oʻtadi. Yosh adib tayyor, oson yoʻldan yurmay, birinchi yirik asaridanoq bizni oʻzining tasavvur va xayolot anglamlariga chorlaydi.
Aslida, har qanday asarning birinchi jumlasi – bu asarning ostonasi degani. Ostonadayoq uyning ichkarisiga boqish, u haqda maʼlum bir xulosalarga kelish mumkin. Birinchi jumlada butun asar mazmuni, maqsadi aks etadi. Agar shu xulosa bilan qissadagi birinchi va undan keyingi jumlalarni oʻqiy boshlasak, qissa yerdan oyogʻi uzilgan biron kosmopolitik mavzuga bagʻishlanibdi degan dastlabki taassurot paydo boʻladi. Bu taxminiy kechinma tugʻilishi bilan sizni insonshunoslikdan xoli boʻlgan, navbatdagi havoyi bir soʻzbozlikka duch keldim, degan maʼlum bir hafsalasizlik qamrab olishi tabiiy. Ammo bu kechinma ayni qissaga nisbatan aldamchi ilgʻam. Horigan Ona Zamin chizgilaridan soʻng siz Zaminning horishi, holdan toyishiga sabab boʻlgan manzaraga, sayyoramizni oʻz aʼmollaridan kelib chiqib, boʻlib olishga, gʻarot qilishga, uni oʻzlarining niyati va maslaklariga mos “ranglarga” “boʻyashga” oxir-oqibat parchalashga, boʻlishga kirishib ketgan bashar zotiga duch kelasiz. Bu xom sut emganlarga «shoxi bor» “U” qalam tutqazyapti. Ana shu chizgilardan soʻng asar yuqoridagi havoyilikdan pastga – Ona Zaminni “horitgan”, “tashvishlantirgan” basharning maʼnaviy olami, oʻzimizning botiniy dunyomiz, u yerdagi murosasiz kurash, muhoraba haqida ekanini anglay boshlaysiz.
Avval oʻqimagan ekanman: shu qissasidan kelib chiqib, aytishim mumkinki, Azizbek Norov degan yosh yigit allaqachon yozuvchi sifatida shakllanib boʻlgan ekan. Uning metofaraga, tashbehu qochirimlarga boy ifoda usuli, xayoliy-badiiy mushohadasi bundan darak berib turibdi. Kezi kelganda shuni aytishim kerak: bugun tanilib qolgan, halitdan oʻzlariga adabiyot sahnasida haykal yasab olgan baʼzi bir nomdor va shondor yozgʻuvchilarning eʼlon qilingan barcha asarlarini jamlab, usturlob bilan izlasak ham ayni qissadagi tanbehli, metofaraga tigʻiz jumlalarning yarmini ham topa olmaymiz. Bu bilan men yosh adib isteʼdodi haqida mubolagʻaga berilmoqchi emasman. Shunchaki, badiiy soʻz sanʼati ana shunday kutilmagan tashbehlar yarata olish, tasavvur qoliplarini buzib, yangi tasvir chizgilarini, badiiy soʻzning yangi kengliklarini, yangi imkoniyatlarini havola qila olish sanʼati, badiiyatning birlamchi talabi ekanini eslatib qoʻymoqchiman.
Yuqorida aytganimday, “Azal va abad” bugungi aksar badiiy asarlarimizni bagʻriga olib, yutib yuborayotgan koʻz oldimizdagi turli syujetlarga, voqeabandlikka, maishiy gʻurbatlar tarixi, umuman, biz koʻrib, eshitib, guvoh boʻlib yurgan kundalik hayot, koʻrgan-kechirganlarimiz haqida emas. Yosh adib qissasi bilan bizning idrokimizni favqulodda tasavvur kengligiga olib chiqadi, koʻrib, koʻnikib yurgan koʻz oldimizdagi voqelikning bosimidan teparoq koʻtariladi, bizni insonning tasavvur dunyosiga olib chiqadi. Ana shu tasavvur olamida bizni insonning azal-abadda tutgan oʻrni haqida fikrlashga, oʻylashga undaydi.
Nazar ESHONQUL
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q