Samarqandda ham ayrim koʻchalarda transport tezligi 60 kilometrgacha cheklanishi mumkin

Saqlash
14:55 / 05.12.2022 964 0

Samarqandda ham transport vositalarining yuqori harakat tezligi 60 kilometr/soat etib belgilanishi mumkin. Bu haqda viloyat IIB YHXB boshligʻi Shavkat Boyxoʻrozov Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida maʼlum qildi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda Samarqand viloyati hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻllari va koʻchalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarini oldini olish hamda transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligini kamaytirish maqsadida “Yuqori tezlik cheklangan” (60 kilometr/soat) yoʻl belgilarini oʻrnatish zarurati yuzaga keldi.

 

Ushbu tartibni belgilash uchun viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi aholi, haydovchi va yoʻlovchilar oʻrtasida soʻrovnoma tashkil etishi zarurligi qayd etilgan.

 

Viloyat IIB YHXB boshligʻi ushbu tartib nima sababdan joriy etilishi belgilanayotgani hamda qaysi hududlarga oʻrnatilishi mumkinligiga toʻxtalib oʻtgan.

 

“Samarqand shahrining M-37A Samarqand halqa yoʻlining 40-43 kilometrlari oraliq qismida 3 yil davomida sodir etilgan YTHlar soni 29 tani tashkil etgan, shundan 6 tasi oʻlim, 23 tasi tan jarohati bilan bogʻliq. Bundan tashqari, Afrosiyob koʻchasining Ibn Sino koʻchasidan M-37A avtomobil yoʻligacha boʻlgan qismi uzunligi 1,7 kilometr, kengligi 17 metrni tashkil etib, 8 ta asosiy yoʻl bilan tutashmalar mavjud. Bu yoʻlda oxirgi 3 yil davomida 7 ta YTH sodir etilgan. Shundan 2 tasi oʻlim, 5 tasi tan jarohati bilan bogʻliq.

 

Dahbed koʻchasining Ibn Sino koʻchasidan Registon koʻchasigacha boʻlgan qismining uzunligi 2,8 kilometr, kengligi 15 metrni tashkil etadi. Oxirgi 3 yil davomida 24 ta YTH sodir etilgan. Shundan 4 tasi oʻlim, 20 tasi tan jarohati bilan bogʻliq.

 

Gagarin koʻchasining Goʻroʻgʻli koʻchasidan Oʻzbekiston koʻchasigacha boʻlgan qismi uzunligi 5,3 kilometr kengligi 30 metrni tashkil etadi. Oxirgi 3 yil davomida 13 ta YTH sodir etilgan.

 

Shulardan kelib chiqib, yoʻl-transport hodisalarini oldini olish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Samarqand shahridagi M-37A Samarqand halqa yoʻlining 40-43 kilometrlar oraliq qismida, Afrosiyob, Dahbed va Gagarin koʻchalarida transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligini soatiga 60 kilometr etib belgilash taklif etilmoqda”, – degan u.

 

Avvalroq Toshkent shahridagi ayrim koʻchalarda transport tezligi 60 kilometrgacha cheklangandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//