Tarjimashunoslikka bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

Saqlash
23:07 / 06.11.2021 2047 0

Bugun, 6-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Jahon ilm-fani taraqqiyotida tarjimashunoslikning ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi.

 

Anjuman doirasida jahon tarjimashunosligi, ular erishayotgan yutuqlardan boxabar bo‘lish, shuningdek, milliy va jahon tarjimachiligi tadqiqiga doir ishlarda ulardan foydalanish, tarjimonlar, tarjimashunoslarni bir maqsad yo‘lida birlashtirish, xorijlik va o‘zbek tarjimashunoslarning uzluksiz davom etadigan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, amaliy natija beradigan samarali hamkorlikni kuchaytirish kabi qator vazifalar muhokama qilindi.

 

Konferensiyada Germaniyaning Frayburgdagi nemis-o‘zbek ilmiy jamiyati, Saudiya Arabistonining Amir Sulton universiteti, Sudanning Baxri universiteti, Hindiston, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Farg‘ona davlat universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qarshi davlat universiteti, Termiz davlat universiteti va respublikamizning boshqa oliy o‘quv yurtlaridan tarjimashunos olimlar hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

 

Tadbirni Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Abdumajid Mamadaliyev olib bordi. Horijiy va mahalliy ishtirokchilar bugungi kunda tarjimachilik sohasidagi muammolar haqda so‘zlab o‘tdilar. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova turizmni rivojlantirishda mobil ilovalarning o‘rni haqda gapirdi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Xurram Rahimov nemis tiliga o‘girilgan Navoiy g‘azallari to‘plamining yaratilish tarixi haqda gapirib, kitobni oliygohga tuhfa qildi.

 

Zoom platformasi orqali anjumanda ishtirok ettgan Saudiya Arabistoni Amir Sulton universiteti o‘qituvchisi Mahmuda Saydumarova o‘zbek hikoyalarining arab tiliga tarjimalari xususida yig‘ilganlarga mulohazalarini bildirdi. Hindistonlik olima va xalqaro jurnalist Nurussaba Garg esa tarjimachilik tarixi haqda qiziqarli ma’lumotlarni ulashdi.

Anjuman doirasida chop etilgan ilmiy konferensiya materiallari jamlangan to‘plam ishtirokchilarga tarqatildi. To‘rt bo‘limdan iborat kitobga xalqaro mutaxassislar, professorlar, filologlar, tarjimonlar, adabiyotshunoslar, doktorant va magistrlarning jami 60 dan ortiq ilmiy maqolalari kiritilgan. To‘plam tarjimashunoslik sohasida tadqiqot olib borayotgan hamda shu sohaga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan. Konferensiya so‘ngida faol ishtirokchilarga sertifikat topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//