Endilikda barcha attraksionlarda nosozliklar haqida ogohlantirish vositalari o‘rnatiladi

Saqlash
22:17 / 29.11.2022 1258 0

28 noyabr kuni e’lon qilingan hukumat [(677-sonli] qarori bilan «Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risida»gi umumiy texnik reglament tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

 

Hujjatda belgilanishicha, attraksion boshqarish tizimlarida ogohlantirish signalizatsiyasi va xavfli vaziyatlar vujudga kelishiga olib keladigan attraksion ishlashidagi nosozliklar haqida ogohlantirish uchun vositalar bo‘lishi kerak. Operator ogohlantirish vositalariga ma’lumotlarning xatosiz, ishonchli va tez qabul qilinishini ta’minlaydi.

 

Attraksionni faqat boshqarish organi ishga tushiradi hamda to‘xtatilgandan keyin qayta ishga tushiradi.

 

Bundan tashqari qurilmalarning harakatlanuvchi qismlari ular shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan zonalarga odamlar kirishining oldini oluvchi to‘siqlar bilan jihozlangan bo‘lishi zarur. Ular faqat asboblar yordamida ochiladigan darajada bo‘lishi shart. To‘siqlarning eshiklari qulflanuvchi moslama bilan jihozlanishi kerak.

 

Zanjir, arqon yoki kamarning yig‘ish birligi hisoblanmaydigan har bir qismi tamg‘alangan bo‘lishi, agar buning iloji bo‘lmasa, ishlab chiqaruvchi nomi va uning joylashgan joyi ko‘rsatilgan taxtacha yoki yechilmaydigan halqaga ega bo‘lishi kerak.

 

Attraksionga kirish joyi oldida sog‘lig‘i, yoshi, bo‘yi va vazni bo‘yicha attraksiondan foydalanishga oid cheklovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilishi lozim.

 

Shuningdek, qaror bilan har bir foydalanilayotgan attraksionga kirish joyi oldida so‘nggi yillik tekshiruv o‘tkazilgan sana va keyingi yillik tekshiruvni o‘tkazish sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi axborot taxtachasi joylashtirilishi kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//