Jamiyat
Buxoroda boʻlib oʻtayotgan Nukus voqealari boʻyicha sud majlisida ayblov xulosasi oʻqib eshittirildi.
Unga koʻra:
D. Tajimuratov uyushgan guruh tashkil qilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasining amaldagi hukumatini agʻdarib, oʻzini Joʻqorgʻi Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida joriy yilning 1-2-iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan;
L. Kallixanova ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan;
A. Turdanov 1-2-iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarning ishtirok etishini taʼminlagan va D. Tajimuratovni yelkasiga oʻtqazib, Joʻqorgʻi Kengesni egallash maqsadida olib borgan;
A. Smetullayev va D. Djiyemuratov 1-2-iyul kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va oʻzi ham faol ishtirok etib, D. Tajimuratovni qoʻllab-quvvatlaganlar;
B. Kadirbergenov odamlarni ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, Joʻqorgʻi Kenges va Nukus xalqaro aeroporti binolarini bosib olishga daʼvat qilgan;
B. Seytniyazov Qozogʻiston Respublikasidagi “Allayar joli” diaspora aʼzosi boʻlib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishga va D. Tajimuratovni qoʻllab-quvvatlovchi bannerlar tayyorlashga yordam bergan;
A. Toqimbetov 2-iyul kuni Xoʻjayli tumanida yigʻilgan odamlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi mustaqil boʻlishi lozimligini maʼlum qilib, ularni ommaviy tartibsizlikka daʼvat qilib, ularga yetakchilik qilgan;
Q. Seytimov 2-iyul kuni Qoraoʻzak tumanida odamlarni toʻplab, ularni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, ularga yetakchilik qilgan;
A. Nuratdinov 2-iyul kuni Qonlikoʻl tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;
S. Medetov 2-iyul kuni Shumanay tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;
N. Nayipov 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarga daʼvat qiluvchi videomurojaat tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan;
P. Shamshetov 2-iyul kuni odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va oʻzi ham ularda faol ishtirok etgan;
R. Bekmuratov 2-iyul kuni “Naupir” MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazib, “PM” markali pistoletini olib qoʻygan;
S. Kaipov 2-iyul kuni “Naupir” MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazgan. Bundan tashqari, separatizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan videomurojaat tayyorlab, uni tarqatish maqsadida saqlab kelgan;
B. Genjebayev 2-iyul kuni Shumanay tumanida ommaviy tartibsizliklarda Fargʻona viloyatidan kelgan oʻzbek millatiga mansub 3 nafar shaxsni toʻxtatib, ularga tan-jarohati yetkazib, 3,6 mln. soʻm miqdoridagi pullarini va qatʼiy hisobdagi hujjatlarini bosqinchilik yoʻli bilan olib kuygan;
S. Kalilayev 2-iyul kuni Kegeyli tumanida ommaviy tartibsizliklarga yetakchilik qilib, millatchilik zamirida Andijon viloyati hokimligi SHTABiga oʻt qoʻyib, mulklarini nobud qilgan;
P. Nurniyazov 2-iyul kuni Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatini cheklash maqsadida yoʻllarni toʻsib, avtoshina yoqishda yetakchilik qilgan;
S. Kalimov 1-iyul kunidagi ommaviy tartibsizliklar uchun maʼmuriy qamoqqa olinganlarni ozod qilish maqsadida ularni saqlash joyiga hujum qilib, oʻt qoʻygan;
N. Sultamuratov 2-iyul kuni Nukus shahar IIO FMBga qilingan hujumda faol ishtirok etib, daraxt yoqib, yoʻllarni toʻsgan;
A. Temirxanov 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Xoʻjayli guzari koʻchasida “Molotov kokteyli”dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan;
A. Adilbekov 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Toʻrtkoʻl guzari koʻprigida “Molotov kokteyli”dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan.
29-noyabr kuni sudning ikkinchi kuni oʻz ishini boshladi.
Sud ishida ayblanuvchi Azamat Turdanov koʻrsatma berdi. U 1-2-iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarning ishtirok etishini taʼminlagan va D. Tajimuratovni yelkasiga oʻtqazib, Joʻqorgʻi Kengesni egallash maqsadida olib borgan.
Sudlanuvchi bu ishni oʻzi xohlab amalga oshirgani, uni hech kim majburlamagani haqida gapirdi. Turdanov, shuningdek, D. Tajimuratovga qarshi koʻrsatma berdi. U Tajimuratovni “firibgar” va “jinoyatchi” deb atadi.
Qayd etish kerak, Nukus voqealarida ayblanayotganlar orasida IIB mulozimi ham bor.
Ayblov xulosasiga koʻra, Nukus shahridagi tartibsizliklar natijasida 6 mlrd 681 mln 247 ming 508 soʻm moddiy zarar yetkazilgani maʼlum qilindi.
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q