Reyting: OTMlarning ilmiy va innovatsion faoliyati baholandi

Saqlash
15:11 / 21.11.2022 1220 0

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan jami 91 ta Oliy taʼlim muassasa (filial)lari ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor (direktor oʻrinbosar)larining faoliyati oʻrganilib, 2021-2022 oʻquv yili yakuni boʻyicha oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyati baholandi.

 

Ilmiy va innovatsion faoliyatni oʻrganish test hamda suhbat shaklida oʻtkazildi, shuningdek oliy taʼlim muassasalari tomonidan taqdim qilingan jadvallardagi maʼlumotlar tahlil qilindi.

 

Test savollari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tayyorlandi. Test 25 ta savoldan iborat boʻlib, natijalari 100 ballik tizimda baholandi. Test jarayonida ishtirokchilarning 14 nafari 56 balldan past, 57 nafari 71 balldan past hamda 19 nafari 71 ball va undan yuqori ballar toʻpladi.

 

Suhbat jarayoni vazirlik va idoralarning masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi. Suhbat jarayoni ishchi guruh rahbari tomonidan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasa (filial)lari rahbarlarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor (direktor oʻrinbosar)lari faoliyatini baholash mezoni” asosida 100 ballik tizimda tashkil etildi. Maʼlumot uchun: Suhbat jarayonida rahbar oʻrinbosarlaridan 18 nafari 56 balldan past, 45 nafari 71 balldan past hamda 28 nafari 71 ball va undan yuqori toʻpladi.

 

Natijalar test va suhbat ballari yigʻindisining oʻrtacha qiymati hisobidan shakllantirildi. Test va suhbat jarayonlariga jalb qilingan 91 nafar rahbar oʻrinbosarlaridan 14 nafari 56 balldan past, 59 nafari 71 balldan past hamda 18 nafari 71 ball va undan yuqori toʻpladi.

 

Oʻrganish natijalariga koʻra 1-ilovaga muvofiq yuqori koʻrsatkichga ega 10 ta taʼlim muassasalari rahbar oʻrinbosarlarini ragʻbatlantiriladi. Past koʻrsatkichga ega boʻlgan 10 ta taʼlim muassasa rahbar oʻrinbosarlariga intizomiy jazolarni qoʻllash hamda natijasi boʻyicha bir oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligiga maʼlumot kiritilishi talab etiladi.

 

Eng yuqori 30 talikka kirgan taʼlim muassasasi rahbar oʻrinbosarlarini nufuzli chet el universitetlariga muassasaning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 2023-yilning ikkinchi choragi yakuniga qadar malaka oshirishga yuboriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish