Toshkentda koʻcha yoritish tizimlari energiya tejash rejimiga oʻtkazildi

Saqlash
15:49 / 17.11.2022 1368 0

Toshkentda 16-noyabrdan boshlab koʻcha yoritish tarmoqlari vaqtinchalik tungi isteʼmolini cheklash tartibiga oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi.

 

“Hozirgi kunda respublikamiz hukumati elektr energiyasi isteʼmolchilarining oldiga yana bir muhim vazifa — energiya resurslaridan ehtiyotkorlik va masʼuliyat bilan foydalanish vazifasini qoʻydi. Toshkent shahri aholisi va mehmonlari kechki va tungi vaqtda yuzaga keladigan vaqtinchalik noqulayliklarni tushunadilar, shuningdek, kundalik hayotda elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishning umumiy vazifalarini hal qilishda faol ishtirok etadilar, deb umid qilamiz”, — deyiladi korxona xabarida.

 

Koʻcha yoritish tizimlarini energiya tejash rejimiga oʻtkazish asosan markaziy koʻchalarning yoritish tizimiga va illyuminatsiya chiroqlariga taalluqli boʻlib, koʻcha chiroqlari butunlay oʻchirilmaydi.

 

Koʻchalar, aholi yashash joylari, mavze va mahallalar meʼyor darajasida yoritilishi taʼminlanishi qoʻshimcha qilingan.

 

Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xoʻjayev 16-noyabr kuni boʻlib oʻtgan brifingda Toshkentda koʻchalarni yoritish va reklama LED-ekranlarini vaqtincha oʻchirish rejasini maʼlum qilgandi.

 

“Toshkent shahri va viloyatlar markazida elektr energiyasi koʻp isrof qilinmoqda. Shu bois shahardagi yoritish chiroqlari va elektron reklama eʼlonlarini vaqti-vaqti bilan oʻchirish rejalashtirilmoqda”, — degandi vazir oʻrinbosari.

 

Bundan tashqari, Xoʻjayev tabiiy gaz va elektr energiyasi eksporti toʻxtatilganini maʼlum qilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//