Bojxona qoʻmitasi raisi 5 nafar xodimni ishdan boʻshatdi va tergov organlariga topshirdi

Saqlash
21:44 / 15.11.2022 1646 0

Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Akmal Mavlonov huzurida navbatdagi xizmat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 
 

Qoʻmita xabariga koʻra, unda shaxsan rais tomonidan bir necha bor ogohlantirishlarga qaramasdan, tizimda hanuzgacha korrupsiyaga qoʻl urayotgan xodimlar uchrayotgani tanqid ostiga olindi.

 

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona postida joriy yil iyun-sentyabr oylarida olib borilgan tezkor oʻrganish ishlari natijasida, olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositalarini hujjatlarda goʻyoki boʻsh holatda deya koʻrsatgan holda olib chiqilganiga doir fakt va dalillar aniqlangan.

 

Yigʻilishda DBQ raisi mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi. 

 

“Oybek” chegara bojxona posti boshligʻi oʻrinbosari va 3 nafar xodimi shu kunning oʻzida bojxona organlaridan boʻshatildi va tergov organlariga topshirildi.

 

“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona postida aniqlangan tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib kirishga urinish holati ham tanqid ostiga olindi.  Mazkur post smena boshligʻi ham bojxona organlaridan boʻshatildi.

 

Bojxona organlari tezkor tuzilmalari tomonidan Fargʻona viloyatida aniqlangan navbatdagi salbiy holatda esa tovarlarni “reeksport” qilmasdan, ichki hududda olib qolinishiga sharoit yaratib bergan xodimlar tanqid qilindi. Holatga aloqador “Qoʻqon” TIF bojxona posti 1 nafar xodimi bojxona organlaridan boʻshatildi va holatga aloqador bir qator xodimlar intizomiy jazoga tortildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//