Ilm-fan
Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqandda oʻtkazilgan birinchi sammiti arafasida yurtimizda ana shu kitoblar turkumi bosmadan chiqdi. Bu haqida OʻzA xabar berdi.
Davlatimiz rahbari 2019-yil 15-oktabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida tashkilotga aʼzo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar toʻplamini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Ushbu tashabbus asosida ilk bor Oʻzbekistonda mana shu toʻplam tayyorlanib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida, ona tilimizda chop etildi.
Jamlanmaga umumturkiy adabiyotning eng sara namunalari, oʻzbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirgʻiz, turkman va venger adabiyotining XI-XXI asrlarga mansub 629 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan.
Kitoblar turkumi Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy va Nosiriddin Rabgʻuziy asarlarini oʻz ichiga olgan besh jildlik “Umumturkiy adabiyot namunalari” bilan boshlanadi. 6-33 jildlar “Oʻzbek adabiyoti namunalari”dan iborat boʻlib, undan Alisher Navoiy asarlaridan zamonaviy oʻzbek sheʼriyati va nasri namunalarigacha oʻrin olgan.
Shuningdek, majmuaning 17 jildi turk adabiyoti, 16 jildi ozarbayjon, 10 jildi qozoq, 9 jilddan qirgʻiz va turkman adabiyoti, 5 jildi qoraqalpoq va 1 jildi venger adabiyoti vakillarining asarlaridan iborat hisoblanadi.
– Ushbu adabiy ganjina nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor roʻyobga chiqarilgan yirik adabiy loyihaning amaliy ifodasi, aniqroq aytadigan boʻlsak, Yangi Oʻzbekistonning yangi siyosiy mahsuli, ona yurtimizda madaniyat va sanʼatga koʻrsatilayotgan ulkan gʻamxoʻrlikning, xalqimizning qardosh xalqlar va ularning soʻz sanʼatiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi ramzidir, - deb yozadi turkum birinchi jildi soʻzboshisida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid.
Turkumni tayyorlash uchun 200 nafardan ortiq tarjimon, 100 nafardan koʻproq adabiyotshunos, matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar jalb etilgan.
Asarlar majmuasi “Oʻzbekiston” nashriyoti tomonidan 200 ming nusxada chop etildi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
1 Izoh
Isfandiyor
21:01 / 14.01.2024
Kitob dukonlarda sotuvda bormi bu kitoblar