Jizzaxda hokim yordamchisi 2 ming dollar pora bilan ushlandi

Saqlash
21:46 / 08.11.2022 1174 0

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida hokim yordamchisi 2 ming dollar pora bilan ushlandi. U Davlat xavfsizlik xizmati xadimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

 

Maʼlum qilinishicha, DXX xadimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yigʻinida hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelgan A.M. fuqarolarga qurilayotgan 10 ta issiqxonaning qurilishi bitkazilmaganini bila turib, mazkur issiqxonalar uchun jami 330 million soʻm miqdordagi pullarni tadbirkor boshqaruvidagi masʼuliyati cheklangan jamiyati hisob raqamiga oʻtkazilishida yordam berishini aytgan.

 

Buning uchun u tuman hokimining birinchi oʻrinbosari roziligi kerakligini, unga ming dollar va oʻziga ming dollar pullarni bergan taqdirda masalani hal qilib berishini vaʼda qilgan.

 

Shuningdek, hokim yordamchisi tadbirkordan talab qilgan 2 ming dollarni 2022-yilning 17-oktyabr kuni Sharof Rashidov tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi oldida oʻziga tegishli Nexia rusumli avtomobil salonida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, tergov harakatlari davom ettirilayotgani maʼlum qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//