O‘zbekistonda qizlarning oliy ta’lim olishiga yetarli sharoit bormi? Xato, xulosa va saboq orasidagi o‘zbek kinosi, yurtga qaytmaslik to‘g‘risida telegramma olgan armon farzandlari – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi soni bilan tanishing

Saqlash
20:03 / 07.11.2022 1403 0

“Rangsiz tushlar” an’anaviy uslubda tasvirga olingan. Uzun-uzun harakatsiz kadrlar intellektual-mualliflik filmlariga xos unsur. Bir fikrni hazm qilib olgan tomoshabinni keyingi kadrga – fikrga tayyorlashning yo‘li bu. Filmda ko‘p muammolar ko‘tarilgan, lekin katta-katta og‘riqlar Kashmiraning birgina siri ochilishi fonida qolib ketadi. Finalda shu “sir” olib chiqiladi. Bu kinofilmning yukini biroz yengillashtirib qo‘ygandek...” Zamonaviy o‘zbek kinosining izlanishlari xususida so‘z borgan “Inson ruhiy olamining in’ikosi” maqolasining to‘liq matni bilan Ma’naviy hayot” jurnalining 2022-yil 3-sonida tanishing.

 

“Global miqyosda har o‘n qiz bolaning to‘qqiz nafari boshlang‘ich ta’lim, to‘rtdan uchtasi esa o‘rta ta’lim (taxminan 9 yil) oladi. Kam daromadli mamlakatlarda qizlarning uchdan ikki qismi boshlang‘ich maktabda o‘qiydi, faqat har uch qizdan biri o‘rta maktabning quyi bosqichini (tugallanmagan o‘rta ta’lim) tugatadi... Yurtimizda shunday tumanlar borki, butun boshli maktabdan bitiruvchilar orasida talaygina qizlar oliy o‘quv yurtiga kirish u yoqda tursin, hatto hujjat topshirmagan bo‘ladi...” Tarozi ruknida e’lon qilingan “O‘qigan va o‘qimagan” maqolasida jamiyatning og‘riq nuqtalaridan biri – qizlar ta’limi mavzusida mulohaza yuritilgan.

 

“Mumtoz adabiyotda yor bilan birga yoron so‘zi ham ko‘p keladi. Bu so‘z qipchoq tillarida jaran shaklida dindosh, do‘st ma’nosida qo‘llanadi. Turkiy anglashimda yoron(jaran) do‘st so‘zidan ancha farq qiladi. U dindosh, gohida esa farishta ma’nosida ham qo‘llanadi. Do‘st sifatida faqat eng ishonchli do‘stga nisbatan ishlatilgan...” Yor so‘zining tarixiy va zamonaviy tahlili haqida “Yorga yetar kun bormi, yoronlar?” maqolasida o‘qing.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Ma’naviy quvvat manbai”, “Armon farzandlari”, “Qadimiyatdan kelgan odam”, “Dunyoning mehvari qayerda?”, “G‘or yoxud bashariyat beshigi” maqolalari, “Baxtliman deyishga haqqing bor, qizim” suhbati hamda “Arosat” hikoyasini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Olti soatda olti oylik yo‘l”, “Shohlarning shoirona suhbati”, “Uchinchi dunyo”, “Qaltis savollarga nozik javoblar” haqida so‘z boradi.

 

Jurnalning ushbu soniga Albert Eynshteynning quyidagi ogohlantirishi o‘ziga xos xulosa yasagan: “Bizning dunyomiz yashash uchun xavfli joy. Ayrimlar yomonlik qilayotgani uchun emas, qolgan barcha buni jim kuzatib turgani uchun”. “Ma’naviy hayot”ni mutolaa qiling – “yomonlik qilayotgan va jim kuzatayotgan”lar tomonida bo‘lmang.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//