Maktab oʻquvchisini kaltaklagan qashqadaryolik soʻkongʻich deputat deputatlar safidan chiqarildi

Saqlash
04:32 / 07.11.2022 1083 0

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida maktab oʻquvchisini kaltaklagan va jurnalistni haqorat qilgan deputat deputatlar safidan chiqarildi. Bu haqda OʻzLiDePning rasmiy kanalida maʼlum qilindi.

 

Maʼlum qilinishicha, kecha, 5-noyabr kuni Qamashi tumanida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tuman Kengashi hamda Xalq deputatlari tuman kengashiga OʻzLiDePdan saylangan deputatlarning qoʻshma majlisi boʻlib oʻtgan.

 

Qoʻshma yigʻilishda partiya aʼzosi, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Panji Nurtoyevning partiya aʼzosi, qolaversa, tuman kengashi deputati nomiga dogʻ tushiruvchi nojoʻya xatti-harakatlari atroflicha muhokama qilingan. Yigʻilish ishtirokchilari Nurtoyevni koʻp yillardan beri tumanda fermerlik harakati rivojiga hissa qoʻyib kelayotgan shaxs, “Mirzadala Norboy” fermer xoʻjaligi rahbari sifatida tumanda yaxshi bilishlarini taʼkidlab oʻtishgan.

 

Mazkur yoʻnalishdagi faolligini inobatga olgan holda, partiya tuman kengashi oʻz vaqtida uning nomzodini dastlab partiya aʼzoligiga, keyinchalik xalq deputatlari tuman kengashi deputatligiga ilgari surganligi aytib oʻtildi. Lekin bularning barchasi shu kunlarda u tomonidan sodir etilgan salbiy holatlarni oqlamasligi koʻrsatib oʻtildi. Huquqiy davlatda hech kimga har qanday holatda ham jismoniy kuch ishlatish, oʻzboshimchalik bilan, qonunni qoʻpol tarzda buzib, jazo qoʻllash vakolati berilmaganligi taʼkidlandi, — deyiladi OʻzLiDeP axborot xizmati maʼlumotida.

 

Qayd etilishicha, deputatlar Panji Nurtoyevning maktab oʻquvchisini ayovsiz kaltaklanganini hech narsa bilan oqlab boʻlmasligini aytib oʻtgan.

 

Qolaversa, mazkur voqeaga aniqlik kiritish maqsadida unga murojaat qilgan jurnalistning savollariga bergan bemaʼni javoblari, xususan, ishlatilgan haqoratli soʻzlari nafaqat uning oʻzi, oilasiga, balki u aʼzo boʻlgan partiyaning obroʻsiga, deputatlik shaʼniga jiddiy dogʻ tushirdi. Yigʻilish qatnashchilari Nurtoyevning qonunga zid ushbu qilmishlarini hech qanday vaj bilan asoslashning imkoni yoʻqligi, yoʻl qoʻyilgan mazkur xatti-harakati bilan u partiya Ustavi talablarini qoʻpol ravishda buzganligi, oqibatda bundan keyin uning partiya safida qolishi aslo mumkin emasligiga urgʻu berishdi, — deyiladi masʼullar izohida.

 

OʻzLiDeP Qamashi tuman Kengashi oʻz vakolatlaridan kelib chiqib, deputatning amaldagi qonunlarga zid harakatlari bilan partiya shaʼniga dogʻ tushirgani uchun OʻzLiDeP Ustavining 3.4. bandiga asosan uni partiya safidan chiqarish masalasini ovozga qoʻygan. Taklif majlis ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan.

 

Shuningdek, partiya tuman Kengashi hamda deputatlik korpusi ishtirokida boʻlib oʻtgan majlisda Panji Nurtoyevning bu qilmishlari deputatlik odobining umumeʼtirof etilgan normalarini qoʻpol ravishda buzuvchi va deputatlik maqomiga dogʻ tushiruvchi holat sifatida baholanib, Oʻzbekiston Respublikasining “Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati aʼzosini chaqirib olish toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-moddasi bilan siyosiy partiyalarga berilgan vakolatga asoslangan holda uni deputatlikdan chaqirib olish borasida Xalq deputatlik Qamashi tuman kengashiga tavsiyanoma kiritish masalasi ham ovozga qoʻyildi va ishtirokchilar tomonidan maʼqullandi, — deyiladi partiya markaziy Kengashi axborotida.

 

Majlisda qabul qilingan qarorlarni partiya Ustavi va tegishli qonunchilikda belgilangan talablar asosida tasdiqlash uchun OʻzLiDeP viloyat Kengashiga kiritish borasida kelishib olingan. Panji Nurtoyev tomonidan yoʻl qoʻyilgan bu kabi noqonuniy harakatlar kelgusida roʻy bermasligi uchun mazkur holatlarni partiya va deputatlik yigʻilishlarida keng muhokama qilish tavsiya etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//