Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi

Saqlash
20:47 / 04.11.2022 2177 0

Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

 

Qayd etilishicha, taqdimotda sport taʼlimini rivojlantirish, sohaga ilmiy yondashuvlarni tatbiq etish borasida tayyorlangan reja-takliflar koʻrib chiqilgan. Ular uchta yoʻnalishni qamrab olgan:

 

– Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Fargʻona filiallarida taʼlim sifatini oshirish;

– sport taʼlimi muassasalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish;

– sohada ilmiy tadqiqotlar tizimini yaxshilash.

 

2023–2024-oʻquv yilidan boshlab taʼlim dasturlari yetakchi xorijiy universitetlarning dasturiga koʻra shakllantiriladi. Barcha bakalavriat va magistratura yoʻnalishlariga oid malaka talablari qayta koʻrib chiqiladi, oʻqituvchilar va bitiruvchilarning bilimi, mahorati va pedagogik koʻnikmalarini baholovchi kompetensiyaviy sertifikatlash yoʻlga qoʻyiladi.

 

Bugungi kunda dolzarb boʻlmagan 5 ta bakalavriat yoʻnalishi tugatilib, 2 ta magistratura mutaxassisligi tashkil etiladi. Oʻquv va mashgʻulotlar jarayoniga federatsiyalarning tajribali mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlar jalb qilinadi.

 

Sport sohasida faxriy unvon va toifa darajasiga ega boʻlgan, nufuzli xalqaro musobaqalarda gʻolib boʻlgan abituriyentlar kasbiy imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi. Talabalarni ragʻbatlantirish uchun Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi. Iqtidorli bitiruvchilarga sport boʻyicha hakam hamda ikkinchi toifali trener maqomi beriladi.

 

Taʼlim va ilm bogʻliqligini mustahkamlash uchun yagona kuzatuv kengashi tuzish rejalashtirilgan. Bu kengash sport muassasalarining boshqaruv, oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatini samarali tashkil qilishga bosh-qosh boʻladi.

 

Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport universitetining ilmiy salohiyatini 45 foizgacha chiqarish, professor-oʻqituvchilarning faoliyati natijadorligini oshirish, yangi ishlanma va texnologiyalarni joriy etib, xalqaro reytinglarga kirish maqsadlari belgilanmoqda.

 

Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari institutiga sport biomexanikasi, fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi boʻyicha tadqiqotlar olib borish, ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirish, startap loyihalarni amalga oshirish kabi yangi vazifalar yuklatilmoqda.

 

Ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash va natijadorligini oshirish, yosh kadrlarni xorijiy oʻquv yurtlariga falsafa doktori (PhD) darajasini himoya qilish uchun yuborish ham nazarda tutilgan.

 

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilmoqda. Osiyo oʻyinlari oʻtganidan soʻng, bu majmuaga Sportni rivojlantirish vazirligi, sport federatsiyalari hamda 2025-yilda faoliyat boshlaydigan Oʻzbekiston davlat sport akademiyasi joylashtirilishi moʻljallangan.

 

Davlat rahbari bu takliflarni maʼqullab, qoʻshimcha koʻrsatmalar bergan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//