11-noyabrdan Qoraqalpog‘istonda maktab o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash boshlanadi

Saqlash
20:08 / 03.11.2022 1431 0

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tayyor oziq-ovqatlar bilan ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

 

Xabar berilishicha, 2022/2023 o‘quv yilida Qoraqalpog‘istondagi 716 ta ta’lim muassasalarida 143 577 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari keytering tashkilotlari tomonidan bepul oziq-ovqat bilan ta’minlanishi belgilangan.

 

Mavjud 716 ta umumta’lim maktablari hududlar kesimida 64 ta lotlarga joylashtirildi.

 

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul keytering usulida ovqatlantirish maqsadida, keytering tashkilotini tanlab olish bo‘yicha «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonuni talablariga muvofiq xarid qilish tartib-taomillari asosida tanlov o‘tkazish uchun ommaviy axborot vositalari orqali e’lonlar berildi.

 

Platformaga joylashtirilgan 64 ta lotlardan 41 ta lot 11 ta tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yutib olinib shartnomalar rasmiylashtirildi, hozirda 716 ta umumta’lim maktablaridan 481 ta maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqat bilan ta’minlanmoqda.

 

22 ta lotda baholash ishlari tugatilib, bayonnomalar rasmiylashtirilib, 24 oktyabr kunidan boshlab nonushta tarqatilishi rejalashtirilgan edi. Lekin, Antikorrupsiya agentligining taqdimnomasiga asosan hukumatning 276-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning buzilishi bo‘yicha o‘tkazilgan 22 ta lotlar tanlovi ishchi guruh komissiyasi tomonidan bekor qilindi va bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yekti tomonidan 1 ta lot bekor qilinib, jami 23 ta lot tanlovga qayta joylashtirildi.

 

«Joriy yil 11 noyabr kuni o‘qish boshlanishi bilan barcha maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tayyor oziq-ovqatlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan», – deyiladi xabarda.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//