Sardor Umurzoqov hokimga hayfsan berdi, ayrim rahbarlarni ishdan oldi

Saqlash
13:56 / 03.11.2022 982 0

Kecha, 1-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Sardor Umurzoqov raisligida xalq ta’limi tizimidagi mavjud muammolarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zA xabar berishicha, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida oddiy maktabni ixtisoslashtirilgan maktabga aylantirish chog‘ida mas’ullar tomonidan yo‘l qo‘yilgan o‘zboshimchalik va o‘z ishiga sovuqqonlik jiddiy tanqid qilingan.

 

Qayd etilishicha, mazkur jarayonlarda viloyat hokimligi tomonidan o‘quvchilarni joylashtirish maqsadida yangi maktab ochish taklifi berilgan, Xalq ta’limi vazirligi esa «tegishli tartibda zarur bino va jihozlar bilan ta’minlangandan so‘ng» maktab ochilishiga ruxsat berilgan. Toki masalaning hujjatli ishlari va binoni tayyorlashga oid tashkiliy masalalar ko‘rilgungacha, o‘quvchilar 5-6 kilometr naridagi maktabga qatnashga majbur bo‘lishgan. Bu esa ota-onalarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

 

 

Bu o‘rtada maktabning sobiq direktori tashabbusi bilan aholining uyida bolalarga dars o‘tish boshlangan.

 

«Bu nima degan gap?! Inson qadri shumi? Toshkentda, yozda salqin, qishda issiq kabinetlarda o‘tirgan amaldorlar bolalari qishloqning loy yo‘llarida har kuni 10 kilometrlab yurishiga, aholi uylarida o‘qishiga rozi bo‘lisharmidi? Yana uylarda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarga maosh ham berilmayapti ekan. O‘qituvchining nima aybi bor bu yerda?!», – deya e’tiroz bildirgan Sardor Umurzoqov.

 

Yig‘ilishda barcha mas’ullar, jumladan Xalq ta’limi vaziri B.Saidov, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov hamda Sho‘rchi tumani hokimi B.Xudoyberganov vaziyatga izoh berar ekan, mazkur holatlar o‘z tasdig‘ini topganini tan olishgan. Aytilishicha, ushbu holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, zudlik bilan Sho‘rchi tumaniga yuborilgan.

 

Sho‘rchi tumani hokimi B.Xudoyberganov o‘quvchilarga aholi uylarida dars berilayotganidan xabarsiz qolganini, bu tashabbus o‘zboshimchalik bilan yoshlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari va tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i tomonidan tashkil qilinganini ma’lum qildi.

 

 

«Yuzlab bolalar sarson bo‘lib yursayu, hokimlik vakillari bunga befarq qarasa, shumi davlat rahbari bildirgan ishonchga munosabat?! Demak, ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan tuman hokimi o‘rinbosari va xalq ta’limi bo‘limi mudiri ishdan olinsin va ularning faoliyatiga huquqiy baho berish kerak. Tuman hokimi Baxtiyor Xudoyberganovga esa hayfsan berilsin. Agar zudlik bilan vaziyat o‘zgarmasa, hokimiyat binosi bo‘shatilib, bolalar shu binoda ta’lim olishadi. Men mutlaqo jiddiy aytyapman. Hokim uyida tashkil qilaversin ishini», – dedi Administrasiya rahbari.

 

Shuningdek, Sardor Umurzoqov Sho‘rchi voqeasi har bir viloyat va har bir tuman hokimligiga o‘rnak bo‘lishi kerakligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birga komissiya tuzilib, tashkil etilishi rejalashtirilgan 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab xatlovdan o‘tkazilishi, har bir maktab bo‘yicha kerak bo‘lsa o‘qituvchi va o‘quvchilar kesimida aniq axborot kiritish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//