Jamiyat
Oʻzbekiston qonunchiligida 2022-yil 1-noyabrdan bir qator oʻzgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida ushbu sanadan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar taqdim etiladi.
Shifokorga ehtiyoji bor hududlarda talabalar ishga joylashtiriladi
Sogʻliqni saqlash vazirligi hokimliklar bilan birgalikda shifokorlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlagan holda respublikaning barcha hududlarida mavjud vakant lavozimlarga talabalar, magistr va klinik ordinatorlarni ishga joylashtirish choralarini koʻradi.
Nikoh tuzish uchun arizalar eksperiment tariqasida DXM orqali qabul qilinadi
Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkaziladi.
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanadigan faoliyat turlari kengaytiriladi
Yana 10 ta faoliyat turi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritiladi.
“Korobka” holatidagi uy-joylar uchun subsidiya ajratishga ruxsat beriladi
Xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga boʻlingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular boʻyicha va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya toʻlashga ruxsat beriladi.
Tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyati kengaytiriladi
Eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorga nisbatan jarima qoʻllanilmaydi.
Yoshlarga kompyuter sotib olish uchun 7,5 mln soʻmgacha isteʼmol krediti ajratiladi
IT-Park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun BHMning 25 baravarigacha (7,5 mln soʻmgacha) isteʼmol kreditlari ajratiladi.
Haydovchilarga beriladigan tibbiy maʼlumotlarning elektron bazasi shakllantiriladi
Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarning avtomototransport vositasini boshqarishga yaroqliligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotlarning yagona elektron bazasini shakllantiriladi va Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Tomorqa yer egalarini kasanachilik bilan band qilgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi
Tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan BHMning 20 baravarigacha (6 mln soʻmgacha) miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan subsidiya ajratiladi.
Koʻp kvartirali uylarning umumiy mulki hududida qoʻshimcha obyekt qurish taqiqlanadi
Qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan koʻp kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilganidan soʻng loyiha hujjatlari, kadastr pasporti va mazkur ruxsatnomaga umumiy mol-mulkni yoki tutash yer uchastkasini kamaytirish va tutash yer uchastkasida qoʻshimcha koʻp kvartirali uy yoki umumiy mol-mulk boʻlmagan obyekt qurish uchun oʻzgartirish kiritish taqiqlanadi.
Yagona axborot tizimida roʻyxatga kiritmagan holda tadbirkorlarni tekshirish noqonuniy hisoblanadi
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olinadi. Bunda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi.
Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashiladi
Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarning mehnatga layoqatli va ishsiz boʻlgan oila aʼzolarini oʻzini oʻzi band qilish hamda boʻsh (vakant) ish oʻrinlariga ishga joylashtirishda amaliy yordam koʻrsatadi.
Fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratiladi
Aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish boʻyicha yanada qulayliklar yaratish maqsadida ID-kartaga joylashtirilgan ERI kalitlari orqali Yagona portalning mobil ilovasida joriy etilgan elektron davlat xizmatlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q