Сеулдаги байрам тиқилинчида 150 дан ортиқ одам ҳалок бўлди, улар орасида Ўзбекистон фуқароси ҳам бор

Saqlash
19:59 / 30.10.2022 1367 0

Janubiy Koreya poytaxti Seulda Hellouin bayramini nishonlash vaqtida yuz bergan tiqilinch oqibatida 150 kishi halok boʻldi, 100 dan ortigʻi yaralandi.

 

Hodisa Hemilton mehmonxonasi yaqinidagi tor xiyobonda sodir boʻlgan, undan olomon oʻtib borayotganida tiqilinch yuz bergan.

 

Qurbonlarning 20 nafardan ortigʻi xorijliklar, ular orasida kamida bir nafar oʻzbekistonlik ham bor. Tiqilinch ulkan olomon tor koʻchaga yopirilib kirganida yuzaga kelgan.

 

Fojia Seulning koʻplab tungi klublar, tunda ham ishlaydigan kafe va restoranlar joylashgan Itaewon tumanida roʻy bergan. Bu yerda kovid cheklovlari bekor qilinganidan buyon ilk bor ommaviy bayram tadbirlari oʻtkazilgan.

 

Mahalliy rasmiylarga koʻra, qurbonlarning aksari oʻsmirlar va 20 yosh atrofidagi yoshlardir. Qurbonlarning 97 nafari ayollar, 54 nafari erkaklar. Yana 82 kishi jabrlangan, ularning 19 nafari ogʻir ahvolda. Shifoxonaga yotqizilganlarning aksarini yosh ayollar tashkil etadi.

 

Xabarlarga koʻra, xiyobondagi odamlar kafega mashhur shaxs kelganini eshitgach, u yerga qarab shoshilishgan va tor koʻchada tiqilinch yuzaga kelgan.

 

Oʻt oʻchirish xizmati vakili qurbonlar orasida xorijliklar ham borligini maʼlum qilgan. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, 22 nafar xorijlik halok boʻlgan, jumladan Xitoy, Eron, Oʻzbekiston, Rossiya va Norvegiya fuqarolari.

 

Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi Seuldagi tiqilinchda vafot etgan oʻzbekistonlik haqida maʼlumot berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, ushbu mudhish voqeada bir nafar Oʻzbekiston fuqarosi vafot etgan. Elchixona yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatida yordam kerak boʻlsa, elchixonasi konsullik boʻlimi hamda Janubiy Koreyadagi oʻzbekistonliklar uyushmasiga zudlik bilan murojaat qilishga chaqirgan (elchixona: 010-6802-1969, uyushma: 010-8495-0027).

 

TIV matbuot xizmati Oʻzbekistonning yana bir fuqarosi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgani, uning ahvoli qoniqarli deb baholanayotganini maʼlum qildi.

 

“Vaziyat Elchixona nazoratiga olingan, marhumning jasadini vatanga olib kelish bilan bogʻliq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinmoqda, Oʻzbekiston fuqarosi joylashgan tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqa oʻrnatilgan.

 

Marhumning yaqinlari va oila aʼzolariga hamdardlik bildiramiz va Koreya Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Seuldagi Elchixonasiga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtamiz”, — deyiladi xabarda.

 

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda milliy motam eʼlon qildi. Shoshilinch chaqirilgan yigʻilishdan keyin u yaradorlarga operativ yordam koʻrsatish guruhini tashkil qilishga koʻrsatma berdi.

 

Dunyoning qator mamlakatlari rahbarlari, jumladan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham hodisa yuzasidan hamdardlik bildirdi.

 

“Prezident Shavkat Mirziyoyev Seul shahri markazida yuz bergan fojia oqibatida koʻplab insonlar halok boʻlgani munosabati bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolga taʼziya yoʻlladi.

 

Davlatimiz rahbari qurbon boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jarohat olganlar tez fursatda sogʻayib ketishlarini tiladi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//