“Fidoyi yoshlar yetakchisi” koʻrik tanlovi gʻolib va ishtirokchilari taqdirlandi

Saqlash
02:38 / 30.10.2022 1567 0

Yoshlar ijod saroyida “Fidoyi yoshlar yetakchisi” koʻrik tanlovining Respublika bosqichi gʻolib va ishtirokchilarini taqdirlash hamda ragʻbatlantirish uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

 

 

Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari Furqat Joʻraqulov, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshligʻi Sherzod Olimov Respublika bosqichi ishtirokchilarini tabriklashar ekan, bugungi kunda yoshlar kamoloti, ularning yetuk kadrlar boʻlib shakllanishiga jamiyatimizda muhim ustuvor masala sifatida qaralayotganligi, bu eʼtibor, gʻamxoʻrlik va yoshlarga oid davlat siyosatidagi izchil islohotlar tashabbuskori boʻlgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekistonni bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz”, degan daʼvatiga labbay deb javob berayotgan fidoyi va jonkuyar yoshlarimizni ijtimoiy hayotda oʻz oʻrinlarini topishayotganini alohida taʼkidlab oʻtishdi.

 

 

“Fidoyi yoshlar yetakchisi” koʻrik tanlovida hakamlar hayʼati kengashi raisi va aʼzolari tomonida 4 ta shart boʻyicha ijrochilarning umumiy ballari hisoblanib, eʼlon qilindi. Kengash raisi va aʼzolarining qaroriga asosan 3-oʻringa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Boʻzatov tumanidagi “Qushxamatov” mahalla yoshlar yetakchisi Toshtemirov Alisher Doniyorovich, 2-oʻringa Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumani “Guliston” mahallasi yoshlar yetakchisi Namozov Azamat Xayrullo oʻgʻli, 1-oʻringa esa Jizzax viloyati, Gʻallaorol tumani, “Baxt” mahallasi yoshlar yetakchisi Najmiddinov Bobur Qahramon oʻgʻli loyiq deb topildi.

 

3-oʻrin sovrindoriga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan ming dona kitoblar jamlanmasi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan esa qimmatbaho sovgʻalar, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan gʻolibning ota-onasi uchun dam olish maskaniga bepul yoʻllanma, 2-oʻrin sovrindoriga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan 2 ming dona kitoblar jamlanmasi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan esa qimmatbaho sovgʻalar, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan gʻolibning ota-onasi uchun dam olish maskaniga bepul yoʻllanma, 1-oʻrin sohibiga esa Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan 3 ming dona kitoblar jamlanmasi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan esa qimmatbaho sovgʻalar, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan gʻolibning ota-onasi uchun dam olish maskaniga bepul yoʻllanmalar taqdim etildi.

 

 

Shuningdek, Respublika bosqichi ishtirokchilarining har biri uchun Markaz tomonidan 455 donadan nodir adabiyotlar, Agentligining qimmatbaho sovgʻalari ham topshirildi.

 

Mazkur tanlov uchun Respublika Maʼnaviyat va markazi tomonidan 244 million soʻmlik, 128 nomdagi, 11 ming dona adabiyotlar “Fidoyi yoshlar yetakchisi” koʻrik tanlovining gʻolib va ishtirokchilari faoliyat yuritayotgan mahalla kutubxonalariga sovgʻa sifatida topshirildi.

 

 

Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti doirachilar ansambli, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalari, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabalari, Oʻzbekiston davlat Konservatoriya huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼat instituti talabalarining diltortar qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilarini yanada ruhlantirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//