Jamiyat
“Maʼnaviyat karvoni”ning navbatdagi manzili Namangan viloyati Milliy gvardiyasi boʻldi. Unda “Maʼrifat soati” tashkil etilib, jonli ijroda qoʻshiqlar kuylandi.
Tashrif avvalida mehmonlar gvardiya binosi bilan tanishib chiqishdi. Shundan soʻng “Maʼrifat soati”ni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo ochib berdi va oʻz xotiralarini yodga oldi.
“Armiyada xizmat qilganimda, Yangi yil kechasi soat 23:00 dan 01:00 gacha postda turganman. Oʻshanda mendan uzoq boʻlmagan qishloqdan kuy-qoʻshiq eshitilib turardi. Lekin men postda edim. Har yili Yangi yilda shu voqeani eslayman. Sababi, Yangi yilni tinch kutib olishim uchun kimdir uygʻoq, kimdir oilasi davrasida emas”, — dedi u.
Shu bilan birga markaz rahbari ushbu sohada ayol-qizlarning ham faoliyat yuritishiga alohida eʼtibor qaratdi.
“Har bir yigitning peshonasiga vatan posboni boʻlish bitilgan. Lekin bizning qizlarimiz ham vatanini himoya qilgan va qilib kelmoqda. Shu sabab bugun nafaqat oʻgʻlonlarimizga, balki vatanni himoya qilishga bel bogʻlagan barchaga minnatdorlik bildiraman. Zero, ona-otamizning oldida oʻzimizni qanchalik darajada burchlimiz deb hisoblasak, vatanning oldida undan-da koʻproq burchimiz bor”, — deya taʼkidladi Minhojiddin Mirzo.
Professor Salohiddin Azizboyev hamda Aziz Rajabiy esa soʻzga chiqib jonli ijroda qoʻshiqlar kuylashdi. Soʻngra Oʻzbekiston Xalq artisti Dilorom Karimova nutq soʻzladi.
“Xudo menga oʻgʻil bermagan. Lekin oʻgʻlim boʻlganida, uning harbiy boʻlishini xohlardim. Sizlarni koʻrganimda, gʻalati bir tuygʻuni his qilaman, peshonamga bitilgan “Ilhaq” yodimga tushadi. Men u yerda rol oʻynamadim, balki u yerda yashadim. Shu azob hozirgacha meni tark etmagan”, — dedi Dilorom Karimova.
Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining eksperti, professor Jamila Shermuhammedova soʻzga chiqib, urush bilan bogʻliq xotiralarini yodga oldi. Elimiz suygan shoira Zulfiya Moʻminova esa oʻz soʻzini sheʼr bilan boshladi. Tadbir taqdirlash marosimi bilan yakunlandi.
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q