AQSH bilan madaniy boylikka doir muhim bitim imzolanadi

Saqlash
16:10 / 28.10.2022 1520 0

Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida  arxeologik va etnologik materiallar boʻyicha madaniy boylik toʻgʻrisida bitim imzolanishi kutilmoqda. AQSH Davlat departamenti Taʼlim va madaniyat masalalari byurosi qoshidagi Madaniy meros markazi direktori Erik Katalfamo va tahlilchi Enn Komptonning Oʻzbekistonga 9 kunlik tashrifi davomida ana shu masala muhokama etildi.

 

AQSH elchixonasi matbuot xizmati xabariga koʻra, mehmonlar Oʻzbekiston turizm va madaniy meros vazirligi, bojxona qoʻmitasi, bosh prokuratura va boshqa manfaatdor tashkilot vakillari bilan madaniy mulk boʻyicha kelishuvga erishish uchun yoʻl xaritasi yaratish haqida gaplashdi.

 

“Biz Oʻzbekistonga tashrif buyurib, uning boy madaniy merosini oʻz koʻzimiz bilan koʻrishdan juda xursandmiz va hukumatning uni asrab-avaylash, muhofaza qilish borasidagi saʼy-harakatlarini olqishlaymiz”, – dedi Madaniy meros markazi direktori E.Katalfamo.

 

Bu borada bitim imzolanishi madaniy boyliklarning maʼlum bir turlarini Qoʻshma Shtatlarga import qilinishi borasida cheklovlarni yuzaga keltirib, oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga zamin hozirlaydi. Import cheklovlari esa talon-toroj qilingan obyektlarning AQSHga kirishiga toʻsqinlik qiladi va ularni mamlakatga qaytarishni osonlashtiradi.

 

Madaniy mulk bu – insoniyat tarixi va madaniyatlar xilma-xilligini oʻrganish uchun muhim boʻlgan noyob va qayta tiklanmaydigan manbadir. Madaniy boyliklarning umumiy turlariga arxeologik ashyolar, nodir qoʻlyozmalar va marosimlarda foydalaniladigan buyumlar kiradi. Davlat departamenti tizimidagi Madaniy meros markazi madaniy boyliklarni noqonuniy savdodan himoya qilish hamda xalqaro koʻrgazmalar va tadqiqot uchun madaniy boyliklarning qonuniy almashinuvini ragʻbatlantirish boʻyicha Vashington siyosatini ishlab chiqishda asosiy rol oʻynaydi.

 

Hozirga qadar 25 ta davlat AQSH bilan madaniy mulk toʻgʻrisida bitim tuzgan. Bitim tuzish haqida qaror qilishdan avval Madaniy meros markazi odatda talabgor mamlakat madaniy merosi boʻyicha chuqur tadqiqotlar olib boradi.

 

Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston madaniy merosini muhofaza etishga asosan AQSH elchilarining madaniy merosni asrash jamgʻarmasi (AFCP) orqali koʻmak koʻrsatib kelmoqda. Jamgʻarma 2001-yildan buyon Oʻzbekistonda 14 ta loyiha, jumladan, Xivadagi XIX asrga oid Toshhovli saroyini saqlab qolish, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi bir qancha kolleksiya va tarixiy binolarni asarab-avaylash uchun qariyb 900 ming dollar mablagʻ ajratdi. Buxorodagi Ark davlat muzey-qoʻriqxonasidagi tosh asri va oʻrta asrlarga oid 700 dan ziyod arxeologik artefakt hamda Afrosiyob muzeyida (Samarqand) saqlanayotgan “Elchilar” deb nomlangan noyob surat ham ushbu jamgʻarma koʻmagida taʼmirlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish