Bosh prokuratura Qashqadaryodagi 18 ta tarixiy obyekt oʻzboshimchalik bilan taʼmirlanganini aniqladi

Saqlash
12:10 / 28.10.2022 1597 0

Qashqadaryoda 18 ta madaniy meros obyektida oʻzboshimchalik bilan taʼmirlash ishlari oʻtkazilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

 

Oʻrganishlar davomida 18 ta madaniy meros obyektida noqonuniy qurilmalar qurilgan va oʻzboshimchalik bilan taʼmirlash ishlari oʻtkazilgan.

 

Masalan, Yakkabogʻ tumanidagi XII asrga oid Gumbaz masjidining ichki devorlari restavratsiya qoidalariga zid ravishda taʼmirlangan boʻlsa, Kasbi tumanidagi XIV asrda bunyod qilingan Katlas masjidi devorlariga taqab devor qurilib, zarar yetkazilgan.

 

Shuningdek, madaniy meros obyektlarining 382 tasi yoki 26 foizida muhofaza belgilari oʻrnatilmagan. Yakkabogʻ tumanidagi XII-XIV asrlarga oid Yodgor Vallamin madrasasi yoki Kasbi tumanidagi XIV asrda qurilgan Katta Sardoba yodgorliklari shular jumlasidan.

 

Viloyatdagi 35 ta tarixiy obyekt taʼmir talab, avariya holatiga kelib qolganligi, 10 ta madaniy meros obyektidan noqonuniy foydalanib kelinganligi, 5 ta madaniy meros obyektiga noqonuniy ravishda reklama bannerlari oʻrnatilganligi aniqlandi.

 

Bundan tashqari, turistlar tashrif buyuradigan 58 ta madaniy meros obyektida yongʻin xavfsizligi, 49 tasida sanitariya qoidalari talablari buzilgani aniqlandi.

 

Qonun buzilish holatlari yuzasidan tegishli taʼsir choralari qoʻllanilib, ularni bartaraf etish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

 

Bosh rrokuratura, shuningdek, oʻrganish ishlari davom etayotganini qoʻshimcha qildi.

 

Maʼlumot uchun, Qashqadaryo viloyatida 1 468 ta tarixiy obyekt joylashgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish