Gazdan uzilgan issiqxonalar 1 kun ichida gaz bilan qayta taʼminlanadi

Saqlash
15:01 / 28.10.2022 1255 0

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev issiqxonalarning gazdan uzilish holatini zudlik bilan koʻrib chiqish boʻyicha Administratsiya rahbari Sardor Umurzoqovga topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.

 

Prezident, shuningdek, Energetika vazirligiga gaz taʼminotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta taʼminlash topshirigʻini berdi.

 

Yigʻilish davomida issiqxona egalari boʻlgan tadbirkorlar ham tinglandi. Ular oʻzlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi ogʻriqli masalalar va ular yuzasidan oʻz takliflarini bildirishdi.

 

Maʼlumki, mavsum paytida issiqxonaning har bir kuni oʻta muhim boʻladi. Bu nafaqat oʻsha tadbirkor uchun, balki Oʻzbekiston oziq-ovqat taʼminoti va xavfsizligi uchun ham juda ahamiyatli.

 

Maʼlum boʻlishicha, “Hududgaztaʼminot” AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qoʻygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yoʻqotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band boʻlgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin.

 

Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz taʼminotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta taʼminlash topshirigʻi berilgan.

 

Shuningdek, Hisob palatasiga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan “Hududgaztaʼminot” AJning hududiy boshqarma boshliqlari harakatiga huquqiy baho berish, agar ularning harakatida jinoyat alomatlari aniqlansa, qonuniy tartibda javobgarlikka tortish masalasini koʻrib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.

 

Bundan tashqari, issiqxonalarni koʻmirga oʻtkazish masalasi muhokama qilindi.

 

Soʻzga chiqqan tadbirkorlarning barchasi issiqxonalarni koʻmir orqali isitishga oʻtish maʼlum vaqt talab etishi, buni avval har tomonlama oʻrganib chiqish, sinchkovlik bilan sinovdan oʻtkazish, tijoriy tomonlarini hisob-kitob qilish zarurligini taʼkidladi. Mazkur masala yuzasidan ishchi guruh tuzilib, tegishli mutaxassislar va tadbirkorlar bilan birgalikda holatni batafsil oʻrganib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.

 

Bunda ishchi guruh har bir issiqxona kesimida ularning moliyaviy ahvolini oʻrganib chiqib, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan aniq asoslangan takliflar tayyorlaydi. Oʻz navbatida issiqxona yurituvchi tadbirkorlarga oʻz hosillarini nes-nobud qilmasdan yetishtirib olishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 1 kun ichida tegishli manbalardan moliyaviy mablagʻ bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//