“Jadid tafakkuri” stipendiyasi tanlovining 1-bosqichi oʻtkazildi

Saqlash
17:42 / 26.10.2022 1045 0

Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan talaba-oʻquvchilar uchun “Jadid tafakkuri” stipendiyasi taʼsis etildi.

 

Bundan maqsad, yosh avlodda mustaqillik gʻoyalariga sadoqat hissini kuchaytirish, ilmga intilishni ragʻbatlantirish, jadidchilik harakati namoyandalarining gʻoyalarini targʻib qilish orqali xalqparvar avlodni tarbiyalashga hissa qoʻshish, boʻlajak huquqshunoslarda ijodkorlik va yangicha dunyoqarashni shakllantirishdir.

 

Stipendiya Adliya vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tegishli tanlovda gʻolib boʻlgan talaba-oʻquvchilarga tayinlanadi va oktabr-iyun oylari uchun toʻlanadi.

 

Stipendiya uchun tanlov yuridik texnikumlar va litseylar uchun alohida, oliy yuridik taʼlim muassasalari talabalari uchun esa alohida yoʻnalishda oʻtkazilib, 2 bosqichdan iborat boʻladi. 1-bosqichda ishtirokchilar jadidchilik harakatining tarixi, mazmun-mohiyati hamda jadid namoyandalarining faoliyatiga oid testlarni yechadilar va insho yozadilar, 2-bosqichda esa taqdimot oʻtkazish muammoli vaziyatlarga yechim topish kabi sinovlardan oʻtadilar.

 

Joriy yilning 25-oktabr kuni mazkur stipendiya uchun tanlovning 1-bosqichi Toshkent davlat Yuridik universiteti binosida oʻtkazildi.

 

 

Tanlov nizomiga koʻra, 1-bosqichda ishtirok etish uchun jami 800 ga yaqin talabgor roʻyxatdan oʻtgan. Bosqich natijalariga koʻra ulardan 25 nafari 2-bosqichga yoʻl olgan. Ikkinchi – yakuniy bosqich natijalariga koʻra jami 6 nafar talaba-oʻquvchi stipendiyani yutib olishi mumkin.

 

 

Barcha jarayonlar maxsus komissiya hamda ota-onalar, talaba-oʻquvchilar, ustozlar hamda jamoatchilik faollaridan iborat xolis shaxslar kuzatuvi ostida kechadi. Shuningdek, jarayonlarni videokuzatuv kameralari vositasida YouTube platformasiga toʻgʻridan toʻgʻri uzatish orqali shaffoflik taʼminlangani taʼkidlanmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//