Ignadan ipni koʻzoynaksiz oʻtkazaman – namanganlik 73 yoshli tikuvchi otaxon

Saqlash
20:10 / 25.10.2022 1170 0

“Maʼnaviyat karvoni” Namangan viloyatidagi “Saxovat, keksalar va nogironlar internat uyi”da boʻlgani haqida xabar bergan edik.

 

Internat uyida boshqalardan ajralibgina turgan bir otaxon Oyina.uz muxbirining eʼtiborini tortdi. U mehmonlarni qarshi olib, “Navo” telekanalini reklamalardan tozalashni iltimos qildi. Shundan soʻng biz uni suhbatga tortdik.

 

– Yoshim 73 da. Taxminan olti yildan buyon shu yerda yashayman. Kasbim tikuvchilik. Hozir ham kitoblar oʻqiyman, ignalarga ip oʻtkazaman. Biror ishimda koʻzoynak ishlatmayman. Viloyat kutubxonasiga 30 yildan beri aʼzoman. Hozir “Boburnoma”ni ancha yil avval chiqqan nusxasini oʻqiyapman.

 

Egnimdagi kostyumni ham oʻzim tikkanman. Hamma yosh koʻrinasiz deydi. Balki yoshligimdan hozirgacha umuman ogʻir ish qilmaganimdandir. Biror marta ketmonda yer chopmaganman, loy qormaganman. 5-sinfligimda tikuvchiga shogird tushganman. 10-sinfni bitirganimda hamma kiyimlarni tika oladigan usta boʻlgandim.

 

U paytda qoʻlingizda diplom boʻlmasa atelyega bichuvchi qilib qoʻymasdi. Shu uchun Rigada ikki yil oʻqib keldim. Viloyatdagi maishiy xizmat koʻrsatish boshqarmasida ham ishlaganman.

 

Hozir bitta kostyum-shimni 80 ming soʻmdan tikaman. Lekin pul topish uchun ishlamayman. Pensiyam oʻzimga ortigʻi bilan yetadi, – deydi Olimjon Isoqov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish