Britaniya siyosatida katta oʻzgarish – asli osiyolik Rishi Sunak mamlakat Bosh vaziri boʻldi

Saqlash
22:10 / 24.10.2022 1128 0

Buyuk Britaniyani endi asli osiyolik boʻlgan Bosh vazir boshqaradi. Asli kelib chiqishi hindistonlik boʻlgan Rishi Sunak bu lavozimda ikki oy ham oʻtirmagan Liz Trassning oʻrnini egallaydi.

 

Rishi Sunak bor-yoʻgʻi 42 yoshda. U bungacha Britaniyaning sobiq Moliya vaziri boʻlib ishlashga ham ulgurgan. Oʻshanda Boris Jonson Bosh vazir lavozimida edi.

 

Aynan Boris Jonsonning qayta Bosh vazirlik daʼvosidan voz kechishi, bu gal uning ushbu lavozimga kelishiga yoʻlni yanada kattaroq ochib berdi.

 

Sunak Britaniya bu yaqin oʻn yillarda koʻrilmagan jiddiy iqtisodiy muammolarga toʻqnash kelib turgan bir paytda boshqaruvga keladi.

 

Qayd etish kerak, Sunak Bosh vazirlik uchun bellashuvda bundan avval ham oxirgi pallalarga kurashgandi, ammo yakunda aynan partiyadoshi Liz Trassga imkoniyatni boy berib qoʻygan.

 

Rishi Sunak oʻsha paytda oʻzining asosiy diqqat-eʼtiborini Britaniya iqtisodiga qaratgandi. Iqtisodiy inqirozdan chiqish toʻgʻrisidagi rejalarini ham taqdim qilgandi.

 

Konservativ partiyasi yetakchiligi uchun ilk magʻlubiyatidan yetti hafta oʻtib, Rishi Sunak bu kabi yutuqqa erishgan.

 

Yagona raqibi poygadan chiqqanini eʼlon qilgach, u oʻz partiyadoshlarining 100 ta ovozini olgan yagona bellashuvchiga aylandi.

 

Endi Sunak Konservatorlar partiyasining yangi yetakchisi boʻladi, u rasmiy jarayonlar bitgach, asli osiyolik birinchi Bosh vazir sifatida tarixga kiradi.

 

Rishi Sunak shu soatlarda chiqish ham qilgan, parlament vakillarini oʻzlarini oldinda qiyin davrlar kutayotgani va oson boʻlmasligi haqida ham ogohlantirgan.

 

Liz Trass Rishi Sunakni gʻalabasi bilan qutlagan, uni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini ham aytgan.

 

 

Maʼlumot uchun, Rishi Sunak Buyuk Britaniya Jamoatlar palatasiga ilk bor 2015-yilda saylangan. Uch yil oʻtib u Tereza Mey hukumatida vazir yordamchisi lavozimini olgan. 2019-yil iyulida uni Boris Jonson hukumatida gʻaznachilik bosh kotibi etib tayinlashadi. 2020-yil fevralidan esa Sunak Britaniya moliya vazirligini boshqarishga kirishadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish